15:53 / 08.09.2018
5518
Jizzax viloyati hokimligida koreyalik quruvchilar bilan memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi tashabbusi bilan Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi hamda Davlat arxitektura-qurilish kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi Jizzax viloyatiga keldi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

Viloyatning amaldagi infrastrukturasi bilan tanishgan va bir qancha qurilish obektlarini ko‘zdan kechirgan mehmonlar shaharsozlik sohasidagi hamkorlik masalalarini kelishib olish maqsadida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev bilan uchrashdilar. 

Dastlab ularga viloyatning investitsion va turistik salohiyati borasida batafsil ma'lumot berildi. Uchrashuv davomida shaharsozlik yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.  

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

- Biz Jizzax shahrida keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilayotganining guvohi bo‘ldik. O‘ylaymanki, sohada zamonaviy yuqori texnologiyalarni qo‘llash orqali bundan ham yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bizning davlatimiz ham shaharsozlik sohasida xuddi shunday rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan. Shu bois, hamkorligimiz doirasida tadqiqotlar olib borish, o‘zaro konsultatsiyalar, axborot almashinuvi va loyihalashtirish, qurilish, rekonstruksiya va shaharsozlikning boshqa yo‘nalishlarida ham hujjatlarni tayyorlash borasidagi hamkorligimiz ko‘zda tutilmoqda, - deydi Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi xalqaro qurilish loyihalari bo‘limi boshlig‘i Kim Son Xo.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi, Jizzax viloyat hokimligi hamda Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi o‘rtasida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati

Hujjat shaharsozlik sohasi va hududiy loyihalashtirishdagi hamkorlik, Jizzax shahri bosh rejasi konsepsiyasini va hududlar hamda aholi punktlari loyihaviy rejalarini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, hujjatga asosan hamkorlikda seminarlar, konferensiyalar o‘zaro tashriflar va boshqa tadbirlar orqali mutaxassislar va ekspertlar o‘rtasida sohada zamonaviy texnologiyalarni va loyihalashtirish uskunalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilyapti. 

Top