00:54 / 09.09.2018
98147

Diplomatiya talabalari rahbariyat qaroridan norozi bo‘lmoqda

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti ayrim talabalari yangi o‘quv yilida oliygohda o‘qishni davom ettirish uchun qariyb 22 million so‘m miqdorida belgilangan to‘lov-shartnomasini to‘lay olmasligini bildirmoqda. KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilgan bir guruh talabalar internetda #dipkontraktdown heshtigi orqali o‘z noroziliklarini namoyon etyapti. 

- Kontrakt miqdori dastlab 11 million so‘m etib belgilangandi. Bu miqdor O‘zbekistondagi eng yuqori qiymatli kontrakt to‘lovi hisoblanadi, - deydi talabalardan biri. -  Avgust oyining oxirlarida bu qiymat 22 million so‘mga oshirilgani haqda qaror chiqarildi. Afsuski, to‘lovni universitetda tahsil olayotgan talabalarning aksariyati to‘lay olmaydi. Biz hozir nima qilishni bilmay turibmiz. 

- Bu qaror talabalar sharoitidan kelib chiqib o‘zgartirilmaguncha, biz o‘z harakatimizdan to‘xtamaymiz, - deydi talabalardan yana biri.

Masalaning huquqiy asoslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.06.2018 yildagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3795-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga har yili universitetda to‘lov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistraturada ta'lim olishning qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha respublika ta'lim muassasalari uchun belgilanganidan 3 baravar oshmagan miqdorda belgilash huquqi taqdim etildi.

Ko‘rinib turibdiki, bu borada amaldagi qonun hujjatlari talablari buzilmagan, universitet ma'muriyati vakolat doirasidan chetga chiqmagan.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab JIDUning bakalavriati (22,1 million so‘mgacha) va magistraturasida (24,3 million so‘mgacha) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olish ikki barobarga oshirildi. Bildirilishicha, JIDUga jiddiy iqtisodiy-moliyaviy xarajatlarsiz yangi avloddagi ilmiy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar haqida gapirib bo‘lmaydi.

Ushbu vazifalarning bajarilishi ham davlat resurslari, universitetning byudjyetdan tashqari mablag‘larini optimallashtirishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish narxining oshishi «yangi sharoitda universitet faoliyatini ta'minlashning muhim talablariga javob beradi».

Universitetning tubdan qayta qurish jarayoni allaqachon boshlangan, deya ma'lum qilishdi JIDUdan.

Yevropa Ittifoqi statistika xizmati, Xalqaro Mehnat tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti hamda boshqa milliy statistiklarning 2017 yil yakunlariga asoslangan ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston turli davlatlardagi o‘rtacha maoshlar miqdori bo‘yicha reytingda 118-o‘rinda qayd etilgan. Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda o‘rtacha maosh miqdori 235 dollarga teng. 

Taxminan 1,9 million so‘m oylik maosh oluvchi ota farzandining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida to‘lov-shartnomasi asosida o‘qishi uchun 12 oy daromadlarining barchasini oliygoh hisobiga o‘tkazib yuborishi lozim. Bunda, oilaning boshqa xarajatlari, xususan soliq, kommunal, aloqa va sog‘liqni saqlash uchun sarflanadigan to‘lovlari inobatga olinmagan. 

Top