16:10 / 09.09.2018
34637

Shartnoma rejalarini doimo bajarib kelgan fermer yeri tortib olindi

Shu yilning iyul oyi o‘rtalarida Navoiy va Buxoro viloyatlariga uyushtirgan xizmat safarimiz chog‘ida Qorako‘l tumanida bo‘lib, “Do‘rmon omad nuri” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyatida yuzaga kelgan muammo bilan qiziqdik. 

Gap shundaki, uzoq yillar mobaynida namunali fermer ustidan bir guruh fuqarolarning shikoyat qilgani vaji bilan, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida faoliyat olib borgan “Do‘rmon omad nuri” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining yer maydonlari tuman hokimligi tomonidan olib qo‘yilgan.

Biz mazkur fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydonlari va 70dan ortiq qoramoli bo‘lgan fermada ham bo‘ldik. Xo‘jalik rahbari Oltin Sottiyevaning aytishicha, garchi fermer xo‘jaligi shu vaqtgacha barcha shartnomaviy majburiyatlarni ortig‘i bilan bajarib kelganiga qaramay, noma'lum sabablarga ko‘ra, “Do‘rmon Omad nuri” va “Uchqun Do‘rmon zamini” fermer xo‘jaliklari tumandagi qoloq fermerlar qatoriga kiritib qo‘yilgan. Hudud aholisi tomonidan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan norozilik mazmundagi shikoyatlar ko‘payib ketganligi vaji bilan, Xalq deputatlari Qorako‘l tuman kengashi 2018 yil 30 may kunidagi qaroriga asosan tuman hokimligi va fermer o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilingan. Shu bilan birga, Sottiyevaning aytishicha, ijaraga berilgan yer maydonlari olib qo‘yilganidan so‘ng, G‘oyirov bir vaqtlar “Savdogarbank”ning tumandagi shoxobchasida birga hamkasb bo‘lgan fuqaroning o‘g‘liga berilgani unda (Sottiyevada) shubha uyg‘otmoqda. 

Biroq, tuman statistika bo‘limidan 2018 yil 19 fevralda olingan №01/1-29-99/4-67 sonli ma'lumotnomada buning aksini ko‘rish mumkin. Unga ko‘ra “Do‘rmon omad nuri” fermer xo‘jaligining 2012-2017 yillarda paxta va don yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarining bajarilishiga oid ko‘rsatkichlar Xalq deputatlari tuman kengashining qarorini qabul qilish uchun asos bo‘lgan ma'lumotlarning batamom aksini ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun tuman hokimligi bir yil emas, bir necha yil mobaynida faol bo‘lgan va rejalarni o‘z vaqtida ortig‘i bilan bajargan fermerdan yerlarni qonun hujjatlariga zid ravishda tortib oldi?

Qonun hujjatlariga zid deyishga esa, bir emas, bir nechta asoslarni keltirish mumkin. O‘zbekiston Respublikasining bir nechta qonun hujjatlarida, jumladan Yer kodeksining 24-moddasi, “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarning 13-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish:

- taraflarning kelishuvi bilan, yoki

- sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Qolaversa, bu haqida hokimlik va fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasining 16-bandida ham nazarda tutilgan edi. Lekin, “Do‘rmon Omad nuri” fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq holatda tuman hokimligi kelishuvga erishishga ko‘zi yetmagan shekilli, sudga ham murojaat qilishni o‘ziga ep bilmay, bundanda “osonroq” yo‘lni tanlab qo‘ya qolgan. Xalq deputatlari tuman kengashining qarori asos qilinib, uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilingan.

Holatga xolisona baho berish maqsadida tuman hokimi H.G‘oyirov bilan suhbatlashdik. Tuman hokimining izohiga ko‘ra, “Do‘rmon Omad nuri” fermer xo‘jaligi rahbari O.Sottiyeva mahallasidagi fuqarolar bilan haddan ortiq kelisha olmay qolgani, fuqarolarning ko‘pchiligi uning faoliyatidan norozi ekani, mahalladoshlariga suv bermay kelayotgani, shuningdek tuman kengashi majlisida Sottiyeva xalqdan uzr so‘ramagani uchun unga qarashli fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Ijara shartnomasi bekor qilinishi oqibatida, bir necha o‘n gektar maydondagi g‘o‘za saratonning ayni o‘rtasi, 12 iyulga qadar hali biror marta sug‘orilmaganligiga guvoh bo‘ldik. Tuman hokimi bu holatga “tuman 10 ming gektarga chigit qadaydi, shunga ko‘ra, O.Sottiyevadan olib qo‘yilgan paxta dalalariga birinchi suv ham qo‘yilmagani jiddiy muammo emas, navbati kelganda qo‘yiladi” - deya javob berganini qanday baholashni yoki tushunishni bilmadik.

Shu bilan birga, O.Sottiyevaning tuman kengashi qarorida aytilganidek, qoloq fermerlar safiga kirib qolganini qiyosan o‘rganish maqsadida tuman statistika bo‘limidan boshqa fermerlarning rejalari qay darajada bajarilganiga doir ma'lumotlarni taqdim etishni so‘radik. Biroq, murojaatimizga javoban tuman hokimining “siz reviziyaga keldingizmi, reviziyaga kelibsiz-da, biz siz bilan kelisha olmadik, siz masalaga xolis yondashmayapsiz”, degan ayblovlarini eshitdik. Vaholanki, masala mohiyatini anglash, murojaatni xolis tahlil qilish uchun biz so‘ragan ma'lumotlar muhim edi.

Sudda adolat qaror topdi. Ammo...yiqilgan kurashga to‘ymaydi-mi?!

Tuman hokimining “Do‘rmon omad nuri” fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida 2018 yil 7 iyundagi 945-sonli qarori Qorako‘l tuman ma'muriy sudi sudyasi A.Hamidov tomonidan g‘ayriqonuniy deb topildi. Ammo, lekin, biroq... O.Sottiyevaning ma'lum qilishicha, tuman hokimligi yiqilgan kurashga to‘ymaydi, qabilida ish tutmoqda. Hozirda hokimlik sudning hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan.

Shu o‘rinda ayrim mulohazalar bilan o‘rtoqlashsak. Iyul-avgust oylari hukumat darajasida hosilga hosil qo‘shish zarbdor ikki oyligi sifatida e'lon qilindi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning o‘zi g‘alla o‘rim-yig‘imi tugaganidan so‘ng o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida shu haqda so‘z yuritdi. Iyul oyi oxirida esa, bu masala yana hukumat darajasida kun tartibiga chiqarildi. Biroq, Qorako‘ldagi “Do‘rmon omad nuri” fermer xo‘jaligi siyosatning bu shu'lasidan bebahra qoldi. Xo‘sh, bunda kim aybdor...?   

P.S.: Ayni vaqtda Buxoro viloyat ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasida sud mahkamasi davom etmoqda. Umid qilamizki, adolat yana bir marta qaror topadi.

Kun.Uz tahririyati bu mavzuga yana qaytadi.

Tolib Rahmatov               Kun.Uz muxbiri

Muhammadjon G‘aniyev    Kun.Uz operator

 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top