16:00 / 11.09.2018
9469

Chempion hikoyalari. Dimitar Berbatov. «Manchesterga yo‘l»

«Manchester Yunayted» rasmiy saytida bolgariyalik hujumchi Dimitar Berbatovning hayot hikoyasi e'lon qilindi. Dimitar Berbatov 2008-2012 yillarda jamoa safida to‘p surgan. Ikki karra Angliya chempioni, 2010/111 mavsumda Premer Liga to‘purari bo‘lgan. E'tiboringizga ushbu material tarjimasini havola qilamiz.

 

Men samolyotda Manchesterga uchayotganimda, allaqachon qizil libosda edim. Xayolan, deylik.

Albatta, katta klublarning senga qiziqish bildirishlari yoqadi, chunki bu sening yaxshi o‘ynayotganingni anglatadi. Ilk bor «Manchester Yunayted»ning taklifi haqida eshitganimda, o‘zimni Giggz, Skoulz va boshqalar bilar birga o‘ynayotganimni tasavvur qila boshlagandim.

Men uchun tarix juda ahamiyatli. Klub buyuk tarixiga ega bo‘lsagina, kelajak haqida orzu qilishi mumkin. Shu bilan birga, «Yunayted»da o‘sha afsonaviy futbolchilar to‘p surar edi, demakki, agentim bu taklif haqida aytishi hamono, faqat bir narsa haqida o‘ylay boshladim.

Mana, qo‘ndik, Manchester aeroportidamiz. Agentim bilan nimalarnidir gaplashib kelayotib, boshimni ko‘tardim va meni kutib turgan Aleks Fergyusonni ko‘rdim. Hozir yuragim to‘xtab qolishini o‘ylagan bo‘lsam kerak. Nima bu?

Men, kichkinagina davlatdan kelgan oddiy yigit. Ikki hafta oldin Chempionlar Ligasini yutgan murabbiy shaxsan meni kutib olgani aeroportga chiqsa... Bolaligimda bu haqida orzu ham qila olmasdim, menimcha. Ayniqsa, agar sen kambag‘al kommunistik Bolgariyada tug‘ilgan bo‘lsang.

Bolaligimda har kuni ertalab oltida turishim kerak edi. Avvaliga otam, keyin onam, keyin katta farzand sifatida men, undan keyin ukam non uchun navbatda turish uchun navbat tashkillashtirib olgandik. Kilometrlab cho‘zilgan navbatni tugatib non sotib olardim, lekin ba'zan uyga borguncha, nondan asar ham qolmasdi. To‘yib non ham yeya olmasdik.

Keyinroq, o‘smirlik davrimda, futbol bilan shug‘ullanish uchun Sofiyaga ko‘chib o‘tganimda ham hayot o‘sha-o‘sha edi. To‘rt yigit bir xonada yashardik va faqat ota-onamiz berib yuborgan taom bilan kifoyalanishga majbur edik. Xo‘sh, bugunga nima bor – har birimiz idishimizni stol ustiga qo‘yar, yeb bo‘lgach esa, keyingi safar nima yeyish haqida bosh qotirish boshlanardi. Ba'zida, hech nima topa olmay, non ushoqlarni to‘plar, biroz yog‘ aralashtirib «taom» tayyorlardik. Bu hayot bizni yaqin insonlarga aylantirdi, mana shu jipslik yordamida ilk sovrinimizni qo‘lga kiritdik.

Bolalik xotiralarini eslar ekanman, to‘g‘ri, qiyin zamonlar bo‘lgan, ammo bu menga baxtli damlarni qadrlashni ham o‘rgatadi. Qizlarimga ham doim shuni uqtirishni harakat qilaman: ular non uchun navbatda turmaydilar, ushoqlarni terib yemaydilar, ammo ba'zida o‘zimni biroz chetga olib, qiyinchilik yarataman, hayot doim ham bir tekis kechmasligini anglatishga urinaman. Bu zarur.

Buni qayerdan bilaman?

Nima deb o‘ylaysiz, Bolgariyada iste'dodli yigitlar ko‘pmidi? Ehhe, juda ko‘p, mendan ham yaxshi o‘ynaydiganlarni juda ko‘p uchratganman. Otam ham futbolchi bo‘lgan. Ba'zida, ko‘chada sayr qilib yurar ekanmiz, u meni to‘xtatib, qo‘li bilan kimgadir ishora qilardi:

- Anovi yigitni ko‘ryapsanmi?

Ko‘pincha, ro‘paramda uysiz, tuzukroq kiyimi ham bo‘lmagan, qisqasi hayoti juda qiyin kechayotgani sezish qiyin bo‘lmagan kimdirni ko‘rardim.

«Bilasanmi, u kim bo‘lgan» – deb davom etadi otam, - «u o‘ta iste'dodli hujumchi edi. Juda baquvvat, himoyachilarni osonlik bilan mahv etardi. Keyin nima bo‘ldi? U o‘ziga qattiq baho berib yubordi, icha boshladi, qimor o‘ynadi, qizlar bilan yurdi. Atrofida noto‘g‘ri insonlar ko‘paydi. Oqibatini ko‘rib turibsan. Men bilgan eng talantli yigitlardan biri hozir hech kim».

Vaqt o‘tgan sari, bunday taqdirlarni ko‘p uchratdim. Ularning hammasida noyob iqtidor bor edi, ammo maslahatgo‘ylari yaxshi bo‘lmagan. Ba'zida hayotda nima qilishni, nimani tanlashni bilmay qolasan, ammo doim eng to‘g‘ri yo‘lni bilishing kerak. Ularga «bu ishing noto‘g‘ri, boshqa yo‘l ham bor» deb turadigan insonlar yetishmagan. To‘g‘ri yo‘l doimo boshida qiyinchiliklarga ro‘para qiladi, ammo keyin muvaffaqiyat qozonasan. Mening yonimdagi ba'zi insonlarni ham eslayman.

- Berbs, ketdik, yetar shuncha shug‘ullanganimiz. Hayotga bir marta kelamiz axir.

Yo‘q, men o‘shanda ham, hozir ham unaqa odam emasman. Men yaxshi futbolchi bo‘lishni maqsad qilgandim. Men nimagadir erishishim, haligi odamlarga o‘xshab ko‘chada qolmasdan, mustaqil bo‘lishim shart edi.

Men doim qattiq ishlaganman. Yosh bolalik paytlarimda ham dam olmasdan o‘ynardim. To‘pdan ajralmas, tinmay to‘pni yuqoriga otib, uni to‘xtatib olishni, nazorat qilishni mashq qilardim. Menga hech kim shu ishni qilishni o‘rgatmagan, buyurmagan, bilmayman nimaga, ammo men uchun bu ish qiziq tuyulardi. Na telefon, na feysbuk, na instagram... faqat oddiy to‘p bor edi.

- Berbs, uyga kir, ovqat yeb olishing kerak.

Tegmanglar menga. Istamayman, och emasman. Hamma ketsa ham, to‘p bilan bir o‘zim qolib ketardim. Braziliyaliklar o‘z o‘yinlarni plyajlarda takomillashtirishadi-ku, shu kabi, mening mashqlari toshlari bo‘rtib turgan asfalt bo‘lgan. Atigi bir juft butsam bulib, u ham teshiklarga to‘la edi. Boshqasini sotib ololmasdik, o‘sha butsamni tikib, o‘ynayverardim. Umuman sharqiy yevropalik bolalarning hammasi ham shunday edi, nazarimda.

Agar haqiqatan muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lsang, mehnat qilishda davom etishing, to‘g‘ri maslahatlarga quloq solishing va to‘g‘ri hayot tarziga ega bo‘lishing kerak. Keyin esa... Nega va qanday qilib, bilmadim, bir kun planetalar sen uchun bir chiziqda turib berishadi.

Balkim bir kun «Manchester Yunayted» sotib olmoqchi bo‘ladi.

Balkim bir kun ser Aleks Fergyuson seni aeroportda kutib olgani chiqadi. 

«Yunayted»ga qabul qilingan ilk kunim g‘alati o‘tgan. Kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilishlarini, nima gap, nima so‘zligini aytishlarini kutib o‘tirdim. Hammasi Gollivud filmlaridek davom etdi va mana men, Aleks Fergyuson bilan bir mashinada ketyapman.

Ham g‘alati, ham kulgili. Hurmatli insonlar men bilan yonma-yon mashinada ketar ekan, nuqul xayolimda «Nima deyishim kerak? Bunday paytlarda odam o‘zini qanday tutishi kerak?» degan fikrlar g‘ujg‘on o‘ynashardi. 

«Qalaysiz? Ob-havolar yaxshimi?»

Men juda kirishimli inson emasman. Meni yaxshi biladiganlar aytishlari mumkin, odatiy valaqlashishni yomon ko‘raman. Darhol asosiy mavzuga o‘tishni istayman, lekin bunaqa vaziyatda.... Agentimga qarayman, u ham menga qarab turibdi. Nima qilishni bilmaymiz.

Nima bo‘lganda ham, o‘sha pallalarni xotirlar ekanman, yuzimda tabassum yuguradi. Ser Aleks bilan muloqot qilish yoqimli edi. Men ko‘pgina muvaffaqiyatli murabbiylar, futbolchilar, insonlar bilan muomala qilganman – ularni doim bir jihat bog‘lab turgan: ular sizning sohangizda sizdan ancha ko‘proq yutuqlarga erishgan bo‘lishsa-da, buni sezdirmaslikka, bunga urg‘u bermaslikka urinishadi. 

U shunchaki meni aeroportda kutib olishni istadi va balki hammasidan ham meni o‘zi rom etgan jihat shu edi. Bunday insonlar shu kabi harakatlar orqali sizni o‘z dunyosiga taklif qilishadi. Ajoyib.

Ilk mashg‘ulotda uyaldim va hatto juda uyaldim desam ham bo‘ladi. Men shu paytgacha o‘zim zavq olgan, birga o‘ynashni orzu qilgan yigitlar bilan yonma-yon edim. Ba'zida shu uyatchanligim menga xalaqit bergan bo‘lishi ham mumkin. Ba'zi bolalar bor, «qalay og‘ayni, qo‘lni tashla» deb, xuddi men yuz yildan buyon shu yerda yurgandek qovushib ketishadi. Men esa, hammasini ichimda saqlaydiganlar xilidanman. Yo men o‘ta uyatchanman yoki bunday vaziyatni nima qilish, nima deyish kerakligini bilmayman. Ular meni yaxshi kutib olishdi. Ilk mashg‘ulot, Fergyuson, Giggz, Ronaldu... Hamma shu yerda.

Hamma turlicha. Har biri qaysidir jihatdan boshqalardan ustun, lekin boshqa jihatdan yutqazadi. Masalan, Giggz haqiqiy professional edi va sport formasini ushlardi. Axir o‘shanda u endi 30 yoshdan oshgandi. Necha yoshgacha o‘ynadi o‘zi? 40mi? Xo‘sh, Berbs, sen shunday qila olasanmi? Harakat qilib ko‘rishning zarari yo‘q. Qaraymiz, siri nima ekan? Yoga. Ha, yana, darvoqe, u tabiatan nozik, bu yerda DNK ham yordam bergan albatta. Ammo shuning o‘zi emas, Giggzning o‘ziga e'tibor berishi, qachon shug‘ullanib, qachon dam olishni bilishi, kerakli paytda yuklamalarni oshirishi yoki tushirishi... Skoulz ham shunday qilardi, ha, Runi ham. Yana men Ronalduning eng cho‘qqiga chiqqan paytlarini ko‘rganman.  

Agar ular kabi muvaffaqiyat qozonishni istasam, albatta, bularning barchasiga e'tibor qaratishim kerak edi. Boshqa ehtimol yo‘q. Professionallar, chempionlar bilan bir jamoada qolish uchun ulardek bo‘lishing, ulardek fikrlashing shart.

«Old Trafford»dagi o‘yin oldidan tunnelda jamoadoshlarim bilan turishni aytib beray sizga. Diktor eshituvchilarning hammasiga ma'lum bo‘lgan ma'lumotni e'lon qila boshlaydi: «Xonimlar va janoblar, Angliya chempioni, Yevropa chempioni, jahon chempioni...»

Eting jimirlab ketadi.

Tunnelda butunlay boshqa darajaga chiqayotgandek bo‘lasan. Raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, bizning darajamizga yetisha olmaydi. Aksariyat hollarda sen buni his qilib turasan. Ular tomonga qarashning ham keragi yo‘q, kim, nima, qat'i nazar ular yutqazib bo‘lishdi. Albatta, buning sababi, sening jamoangda Ronaldu, Runi, Giggz yoki boshqalarning bor ekani...

Va mana, sheriklaring bilan maydonga chiqib kelyapsan, diktor nutqini davom ettirmoqda. Raqib futbolchilarga qarayman va xayolan aytaman:

«Ko‘rdinglarmi, men mana shu tomonda bo‘lishim uchun qattiq mehnat qilgandim, dam olishdan, ovqatdan voz kechgandim, qalay?»

Ilk mavsumimdayoq «Yunayted» bilan birga Premer Liga chempioni bo‘ldik. Yo, Xudo! Dushda quvonchdan sakragilarim kelib ketdi.

Uyga kelgach esa, rostan ham sakray boshladim. Axir bu yerda meni hech kim ko‘rmasdi. Onadan ilk tug‘ilgandek qip yalang‘och holda, faqat chempionlik medalini taqib olib, sakrayverdim, sakrayverdim. Ertasiga klubga borib, yechinish xonasida xotirjam o‘tirgan Giggzni uchratdim. Bir yuz o‘ninchi medalimidi bu, yo ko‘pmidi, shunaqaroq. «Berbs, yana boshqa sovrinlar ham bo‘ladi hali» dedi u. 

Biz hozirgina Premer Ligani yutib oldik, ammo hammasi allaqachon unutilgandi. Axir bu nimasi? Men ilk medalimni yutib oldimku, bayram qilsam maylimi? Bilmadim, balki men ham keyingi sovrinlarimni ular kabi xotirjam kutib olarman? Lekin bilasizmi, mana shu klub yechinish xonasi uchun doim eng muhimi faqat keyingi gol, keyingi g‘alaba, keyingi sovrin edi. Chempionlar mana shunday yaralganlar, ajoyib.

Bu yigitlar bilan birga bo‘lish ajoyib edi. To‘g‘ri, asosan men uncha gapirmasdim, faqat kuzatardim. Lekin agar menga biror maslahat kerak bo‘lsa, xotirjam borib so‘rashim mumkin edi. Hech qanday muammosiz yordamlarini ayashmasdi. Jamoada Vidich kabi juda qiyinchilik ko‘rgan, Runi kabi juda erta porlagan, umuman turli taqdir va xarakterlarga ega bo‘lgan insonlar yig‘ilgan bo‘lsa-da, Ser Aleks har birimizning tilimizni topa olgandi. 

U mashqlar paytida har birimiz bilan alohida gaplashar, oldimizga kelib xabar olardi. Bir kuni bir futbolchi, boshqa kuni boshqasidan hol ahvol so‘rar, hech narsani e'tiborsiz qoldirmasdi. Fergyuson har bir futbolchi bilan suhbatda  unga to‘g‘ri yetib boradigan, ta'sir qiladigan so‘zlarni ishlatishga urinayotganini sezish qiyin emasdi. Kimdir bilan yengilroq, hazilomuz muomala qilish kerak, kimdir bilan jiddiy bo‘lish yaxshiroq. Shu tariqa u hammaning tilini topardi. Aleks Fergyuson shunaqa. Millionta sovrin, millionda yana turli hayotiy muvaffaqiyatlar... Shunday ekan, uning har bir gapini qulog‘ingga quyib olishing kerak.

Sen maydonda atigi 5 yoki 10 daqiqa harakat qilishing mumkin, ammo shunda ham u sening jamoaga juda kerakliging, juda foydali ish qilayotganingni his qildira olardi. Jamoaning bir bo‘lagi ekaningni, senga alohida e'tibor qilinayotganini sezib turarding.

Uning o‘yin oldidan aytadigan nutqlari esa, bir olam. O‘zimni qandaydir film qahramonidek his qilib yuborardim. Ba'zida u o‘z hayotidagi voqealardan hikoya qilar, o‘z otasi haqida, boshqa insonlar haqida, biz kabi shu yerda bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lmagan omadsizlar haqida aytib berardi. Bunday suhbatlar men uchun har doim bir xil tugardi:

«Men har kimni tiriklayin yeb yuborishga tayyorman», – degan fikr kechardi xayolimdan.

Va men maydonga chiqib, g‘alaba uchun borimni berardim. Albatta, shunda ham undan qarzimni uza olmasam kerak.

Axir, jin ursin, u meni aeroportda kutib olgandi! 

Q. Aslanov tayyorladi

1981 yili Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida tug‘ilgan Dimitr Berbatov mahalliy «Pirin» klubida futbolchilik faoliyatini boshlagan. U 1998-99 yillarda birinchi klubining asosiy tarkibida to‘p surgach, poytaxt Sofiyaning TsSKA klubiga o‘tgan, 2001-2006 yillar davomida Germaniyaning «Bayyer» jamoasi sharafini himoya qilgan. Nemislar klubi safida Chempionlar ligasidagi ishtirokidan keyin katta klublar unga qiziqa boshlashgan.

U dastlab, 2006 yili Londonning «Tottenhem» klubi safiga o‘tgan.

2008 yili esa «Manchester Yunayted» safiga qo‘shilib, bu yerda 2012 yilga qadar qolgan.

Shundan keyin 2 yil «Fulhem» uchun o‘ynagan futbolchi, 2014-15 yillarni «Monako»da, 2015-16 yillarni esa Gretsiyaning PAOK klubida o‘tkazadi.

2017 yilda esa Hindistonning «Kerala Blasters» klubi futbolchisiga aylanadi.

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Top