20:23 / 13.09.2018
6483
BMT semizlikdan aziyat chekuvchilar ochlikdan aziyat chekuvchilardan ham ko‘proq bo‘lishidan ogohlantirdi
Foto: AR/TASS

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) dunyoga noto‘g‘ri ovqatlanish sababli semizlik pandemiyasi xavf soladi, deb hisoblamoqda.

“Agar semizlik ko‘rsatkichlari o‘sishini to‘xtatish uchun shoshilinch choralar ko‘rmasak, yaqin orada dunyoda semizlikdan aziyat chekuvchilar ochlikdan aziyat chekuvchilardan ko‘proq bo‘ladi. Semizlik pandemiyasiga sabab bo‘luvchi bir nechta omillar mavjud. Ulardan nosog‘lom ovqatlanish eng ahamiyatlisi hisoblanadi”, deb aytgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha seminarda FAO bosh direktori Joze Grasianu da Silva.  
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda 2,6 mlrd kishi ortiqcha vaznga ega. Semizlikdan aziyat chekuvchilar ulushi 2012 yildagi 11,7 foizdan 2016 yilda 13,2 foizgacha yetgan.  

FAO rahbarining fikricha, bunga katta miqdorda transyog‘lar, shakar va tuzlar ega yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘paygani sabab hisoblanadi. Bu mahsulotlar tajovuzkor marketing va reklama bilan ilgari surilmoqda. Bunga yorqin misol “fast-fud” hisoblanadi. Bu toifadagi mahsulotlar barra mahsulotlardan ko‘ra arzon turadi, ular har yerda bor, ularni tayyorlash oson, ayniqsa shahardagi nochor odamlar uchun”, deb aytmoqda da Silva.

Sifatli oziq-ovqat sotib olish uchun “cho‘ntak torlik qilib qolganda”, odamlar oziqa moddalari kam bo‘lgan yuqori kaloriyali arzonroq oziq-ovqat mahsulotlarini afzal ko‘radilar. Biroq bunday mahsulotlarni iste'mol qilish insult, qand kasalligi va saratonning ba'zi turlari kabi ko‘p kasalliklarning rivojlanishi omili hisoblanadi.

“Davlatlar mahalliy mahsulot negizidagi va xususiy sektorni sog‘lomroq oziq-ovqat ishlab chiqarishga rag‘batlantiruvchi sog‘lom oziq-ovqat ratsionini ta'minlaydigan qonunlar qabul qilishi lozim”, deb aytgan da Silva. Uning aytishicha, bu choralar nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishga soliqlar joriy qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini aniq va batafsil markirovkalash, bolalar uchun nosog‘lom oziq-ovqat reklamasini cheklash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda tuz va shakar miqdorini kamaytirish va transyog‘lar kabi ba'zi masalliqlarni taqiqlash kabilarni o‘z ichiga oladi.

FAO rahbarining ta'kidlashicha, davlatlar rahbariyatlari mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining bozorga kirishini turli yo‘llar bilan yengillashtirishi lozim.

Top