09:28 / 13.09.2018
6067
“Opiy” giyohvandlik vositasi kontrabandasi bilan shug‘ullangan og‘ufurush uzoq yilga qamaldi
Illyustrativ foto/ Sputnik

Yaqinda Samarqand shahrida muqaddam o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etib, yashirinib yurgan tojikistonlik Qobilbek Samandarov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Aytish kerakki, qo‘shni respublikaning Panjikent shahrida 1985 yilda tug‘ilgan, o‘zbek millatiga mansub Q. Samandarov 2011-2014 yillarda tergov jarayonida aniqlash imkoni bo‘lmagan yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan ko‘p miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasini Urgut tumanida yashovchi bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, yurtimizga olib o‘tish bilan shug‘ullanib kelgan.

Q. Samandarov jinoiy sheriklari bilan o‘zaro aloqani mustahkamlash maqsadida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, chegara nazorat postlarini chetlab o‘tib, Urgut tumani hududi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

Sudlanuvchi Q. Samandarov 2012 yilning boshlaridan to bugunga qadar juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan. Uning bu ishiga o‘zining jinoiy sheriklari yordam bergan. 

Tergovda va sudda har bir holatga to‘liq oydinlik kiritildi. Q. Samandarov bilan jinoiy til biriktirib, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan kimsalar haqida ma'lumot beradigan bo‘lsak, ular o‘z vaqtida sudning qora kursisida o‘tirib, qonun oldida javob berishgan. Ayrimlari qamoq jazosini o‘tab qaytishgan. Ba'zilari hamon temir panjara ortida umrini kun sanab o‘tkazmoqda.

Sud sudlanuvchi Q. Samandarovni Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo tayinlab, Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. 

Jazoning muqarrarligi ta'minlandi.

Top