17:14 / 13.09.2018
9172

Spirtli ichimlik sabab jinoyat qilgan shaxsga hukm o‘qildi

2018 yil sentabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudlanuvchi Rozmatov Baxtiyor Komil o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, B.Rozmatov 2018 yil 29 iyun kuni taxminan soat 01:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan “Vachach” nomli kafeda D.R. bilan birga o‘tirib, me'yoridan ortiq spirtli ichimlik iste'mol qiladi. Kafe tashqarisida sherigi bilan o‘zaro janjallashib, D.R.ni hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, uni yuz sohasiga mushti bilan bir necha marta urib, tanasining turli qismlariga tepib, uni do‘pposlab, tan jarohati yetkazadi. Shuningdek, jabrlanuvchi boshqaruvidagi davlat raqami 01 K 090 GA bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinasi orqa o‘ng qanotiga tepib, pachoqlab, mazkur avtomashinaga 726.220 so‘mlik texnik shikast yetkazadi. 

Sud B.Rozmatovni O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 277-moddasi 1-qismida (Bezorilik) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 

B.Rozmatovga hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng yashash joyini hukmni ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, muayyan joylarda kafe, bar, spirtli ichimliklar ichish joylariga bormaslik va Toshkent viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik taqiqlari yuklatildi.

Top