22:08 / 17.09.2018
10678

Chala amerikalik: Shvartsenegger AQSh konstitutsiyasiga qanday qilib yengilgani haqida

Ropa-rosa 35 yil muqaddam, 1983 yilning 16 sentabrida Arnold Shvartsenegger AQSh fuqarosiga aylandi. Garchi «yangi vatani»da aktyor, jamoat arbobi va siyosatchi bir necha filmlarda suratga tushib, hattoki shtat gubernatori bo‘lgan esa-da, uning oliy orzusi AQSh prezidenti bo‘lish edi. Lekin orzu sari yo‘lga AQSh konstitutsiyasi toabad to‘siq bo‘ladi, deb yozadi Gazeta.

AQSh fuqarosiga aylangan chog‘larda Shvartsenegger amerikaliklarga juda yaxshi tanilib ulgurgan edi. Uning «Temirni shishir» kitobi bodibilding ixlosmandlari uchun muqaddas hisoblanar, 1982 yilda chiqqan «Konan-varvar» filmi esa katta shuhrat qozongandi.

Aktyor AQSh fuqarosiga aylangan kunni hech qachon unutmaydi. 2015 yilda aktyor o‘z Tvitterida: «Bu hayotimdagi juda buyuk kun. Bu sodir bo‘lganidan va qarzimni qaytarganimdan juda xursandman», deb yozgan.

Amerika fuqaroligi Shvartseneggerga juda ko‘p eshiklarni ochgan. Biroq aktyorning orzulari harchand viqorli bo‘lmasin, mamlakatdagi oliy siyosiy lavozimga u hech qachon o‘tira olmaydi. AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, faqatgina AQSh hududida tug‘ilgan insongina mamlakat prezidenti bo‘lishi mumkin.

2003 yilda Yuta shtatidan Arnoldning muxlisi, respublikachi senator Orrin Hetch AQSh konstitutsiyasiga fuqarolikni keyinchalik qo‘lga kiritganlarga ham saylovda qatnashish imkonini beruvchi o‘zgartirish kiritish kerakligini taklif etadi.

«Arnold tuzatishi» nomini olgan taklif keng muhokama bo‘ldi, biroq senatda qabul qilinmadi.

Shvartseneggerning o‘zi ham kongressdagi tanishlarini ishga solib, tuzatishni qabul qilishga erishmoqchi bo‘ldi va hattoki 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klintonga raqiblik qilish rejasi ham bor edi.

Biroq Klinton xonimning raqibi Donald Tramp bo‘ldi. Uni Shvartseneggerga ko‘p qiyoslashardi. Ularning o‘zaro munosabatlari ham yaxshi edi. Shvartsenegger ikkinchi bor Kaliforniya gubernatorligi saylovlarida qatnashayotganida Tramp 10 ming dollar xayriya ham qilgan.

Biroq Arniga Trampning meksikaliklar haqidagi chiqishlari yoqmadi va uni tanqid ostiga oldi. Hali bu o‘zaro munosabatlarda hammasi tugadi degani emasdi. Tramp saylovga chalg‘igach, uning TV-shousini aynan Shvartsenegger olib bora boshladi.

2016 yil oktabrida Shvartsenegger ilk bor partiyadan ilgari surilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlamasligini e'lon qildi va partiyadoshlarini ham «partiyani emas, mamlakatni tanlash»ga chaqirdi.

Tramp bu gaplarni unutmagan ekanmi, prezident bo‘lib olgach, TV-shouda uning o‘rnini Shvartsenegger egallagach, ko‘rsatuvning reytingi keskin tushib ketganini yozib chiqdi.

Arnold ham xo‘p demadi-da, Trampga o‘rin almashishni taklif etdi. Shvartseneggerning vakili esa Tramp ko‘rsatuvning emas, o‘z reytingi haqida ko‘proq qayg‘urgani durust, dedi.

Garchi, prezident bo‘lish unga armon bo‘lib qoladigan ko‘rinsa-da, ikki muddat Kaliforniya gubernatorligi uning uchun ulkan siyosiy tajriba bo‘ldi.

Shvartseneggerning boshqaruvi shtat aholisida aralash taassurotlar qoldirdi. Ammo aksariyat odamlar Arni oldingi gubernator Devisdan yaxshiroq o‘zini namoyon qildi, deb hisoblaydi.

Top