08:26 / 17.09.2018
6477

Falastinning Vashingtondagi elchisi oilasidan AQShni tark etish so‘raldi

Foto: AP Photo/Alex Brandon

Falastinni ozod etish tashkilotining (FOT) AQShdagi missiyasi rahbari Husam Zomlot AQSh hukumati uning oilasidan mamlakatni tark etishni so‘raganini ma'lum qildi.

Avvalroq AQSh ma'muriyati falastinliklarning AQSh prezidenti Donald Tramp bildirgan tinchlik bo‘yicha tashabbuslarida ishtirok etishdan bosh tortishi hamda ularning Isroilni Xalqaro jinoyat sudiga tortish rejasi sababli FOTning Vashingtondagi vakolatxonasi faoliyati to‘xtatilishini e'lon qilgandi. 

“Mening oilam yakshanba kechasi mamlakatni tark etish iltimosidan ajablandi. Oilam va farzandlarimdan zudlik bilan ketishni so‘rashgan. Ular Ramallohga qaytmoqdalar”, deb ma'lum qilgan Zomlot.

Uning ta'kidlashicha, AQSh hukumati FOTning bank hisob raqamlari va Vashingtondagi ofisini yopgan. 

Falastinning Al-Watan Voice portali manbalarga iqtibos keltirgan holda Zomlot oilasi a'zolarining vizalari 2022 yilgacha amal qilishiga qaramay, bekor qilinganini tasdiqlagan.

Falastinliklar Trampni Isroil foydasiga noxolislikda ayblab, AQSh Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandan keyin Yaqin Sharqdagi tinchlik tashabbuslarida ishtirok etishdan bosh tortishmoqda. 

Mavzuga oid
Top