19:08 / 17.09.2018
7826

Notarius yarim soatda ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha bitimni tasdiqlaydi

Foto: Pixabay

Hukumat qarori bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini notarial tasdiqlashda bino va inshootlar haqidagi ma'lumotlarni olish notarius tomonidan mustaqil amalga oshiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali yozmoqda.

Dastlab jismoniy yoki yuridik shaxs ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini notarial tasdiqlash haqida davlat notarial idoralariga murojaat qiladi.

Bunda ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda kadastr yig‘majildi, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar taqdim etiladi.

Keyingi bosqichda notarius bino va inshoot joylashgan hududdagi yer tuzish va kadastr organiga kurerlik xizmati yoki idoralararo elektron tizim orqali bino va inshootlar haqidagi ma'lumotlarni so‘rab so‘rovnoma yuboradi.

So‘ngra ushbu so‘rovnomaga asosan yer tuzish va kadastr organi bino va inshootlarning tegishliligi va tarkibi, kadastr raqami va umumiy (yashash) maydoni hajmi, ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq va xatlov mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi ma'lumotni taqdim etadi.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilgach, 30 daqiqa ichida ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasi notarial tasdiqlanadi.

Top