10:50 / 17.09.2018
5205

Stoltenberg NATO Rossiyaning "kiberhujum"lariga javob qaytarilishi mumkinligini aytdi

Foto: RIA Novosti / Vladimir Trefilov

Rossiya tomonidan "kiberhujum" uyushtirilgan taqdirda NATO o‘z nizomining beshinchi moddasini qo‘llashi mumkin, dedi alyansning bosh kotibi Yyens Stoltenberg Axios portaliga bergan intervyusida.

"Avtomatik ravishda emas. Bu kiberhujum xususiyatiga bog‘liq", — dedi u agarda Rossiya NATOga qarshi kiberhujum uyushtiradigan bo‘lsa 5-modda qo‘llaniladimi-yo‘qmi, degan savolga javoban.

Bosh kotib NATO missiyalari va operatsiyalari davomida xalqaro huquqqa muvofiq ravishda kibervositalardan foydalanilishi mumkinligini aytdi.

"Ulardan masalan, IDga qarshi foydalanilgan, ammo NATO tomonidan emas, NATO ittifoqchilari tomonidan", — dedi Stoltenberg.

NATO nizomining 5-moddasida "shartnomaga a'zo Yevropadagi yoki Shimoliy Amerikadagi bir yoki bir nechta tomonga qurolli hujum barchaga nisbatan hujum deb baholanadi" degan band mavjud.

Rossiya turli mamlakatlardagi saylovlarga kiberhujumlar orqali aralashganligi haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. 

Mavzuga oid
Top