21:58 / 18.09.2018
33730
«Qishloq qurilish invest» kompaniyasidan Zangiota tumanidagi holat bo‘yicha tushuntirish berish so‘ralmoqda
Foto: O‘zA

«Qishloq qurilish invest» kompaniyasi Toshkent viloyati filiali tomonidan hukumat qarori bilan belgilangan nizom talablaridan chetga chiqqan holda, o‘zboshimchalik bilan fuqarolardan qo‘shimcha hujjat talab qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherbayev fuqarolarning murojaatlari va joyda olib borilgan o‘rganishlardan so‘ng, shunday xulosa kelgan. 

«Prezident qarori bilan uy-joyga muhtoj oilalarni uzoq muddatli kredit hisobiga uy-joy bilan ta'minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, bu quvonchli hodisa. 

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizom talablariga ko‘ra, tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan maxsus komissiya fuqarolarning uy-joy sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha fuqaroga keyinchalik injiniring kompaniyasi va tijorat bankiga taqdim etish uchun yozma tavsiya berishi va ushbu tavsiyaning bir nusxasi talabgor tomonidan dastlabki shartnomani tuzish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun injiniring kompaniyasi filialiga taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq, kompaniyaning Toshkent viloyati filiali tomonidan nizom talablaridan chetga chiqish holat yuz bermoqda. Ya'ni, kompaniya vakillari o‘zboshimchalik bilan fuqarolardan qo‘shimcha hujjat, tuman hokimining maxsus shakllantirilgan va tasdiqlangan ro‘yxatida bo‘lishni talab etmoqda», deydi deputat «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda. 

Deputatning ta'kidlashicha, kompaniya filiali komissiya va tuman hokimi alohida-alohida sub'yektlar ekanligini anglamayapti. 

«Bu fuqarolarning haq-huquqlari qo‘pol ravishda buzilishi bilan birga injiniring kompaniyasi va hokimliklar o‘rtasida korruptsion vaziyat vujudga kelishiga va hukumat qarori bilan vakolat berilgan komissiyaning xulosasi bilvosita haqiqiy emasligiga olib kelmoqda», deb qo‘shimcha qiladi Kusherbayev. 

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»​gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasiga ko‘ra, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas.

Viloyat filiali mas'ullarining nizom talablariga zid ravishda Zangiota tumanida yashovchi fuqarolardan tuman hokimining maxsus shakllantirilgan va tasdiqlangan ro‘yxatida bo‘lishni talab qilishi, qonuniy yozma tavsiyaga ega fuqarolarni kompaniya bilan dastlabki shartnoma tuzish huquqidan mahrum etilishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, tuman hokimligi uyga talabgorlar uchun yozma tavsiya berish komissiya vakolatida ekani va hokimlikning injiniring kompaniyasi filiali uchun alohida ro‘yxat tasdiqlab berishga huquqiy asosi yo‘qligini bildirmoqda. Masalan, fuqaro Yu.Bolibekova shu yilning may oyida 78 million so‘m mablag‘ni boshlang‘ich badal puli sifatida shakllantirgan. U Zangiota tumanidagi «Tariq-teshar»​ mahallasi hududida qurilayotgan uy-joy uchun komissiyaning yozma tavsiyasini olgandi, ammo injiniring kompaniyasining filiali fuqaroning tuman hokimligi «ro‘yxati»​da  mavjud bo‘lmagani vaji bilan yozma tavsiyanomani qabul qilmagan. Yana ko‘plab fuqarolar shunday sarsongarchilikka duch kelishmoqda.

Mazkur hodisa yuzasidan Rasul Kusherbayev «Qishloq qurilish invest»​ kompaniyasi bosh direktori Qudratbek ​Hoshimbekovga deputatlik so‘rovi yuborgan. «Parlament nazorati to‘g‘risida»​gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan, deputat so‘rovi 10 kunlik muddatda ​ko‘rib chiqilgach, ushbu muddatda asoslantirilgan va haqiqatga mos axborot taqdim etilishi shart.

Top