16:21 / 18.09.2018
3624

Tedros Gebreyyesus: “O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”

Italiya poytaxti Rim shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, sessiyada tibbiyot sohasida global darajadagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. Chunonchi, ekologiyaning dunyo xalqlari salomatligiga ta'siri, oziq-ovqat standartlari, birlamchi tibbiy yordamning o‘rni hamda turli yuqumli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, dori-darmon narxlari, tamaki va alkogol iste'molining zararlari, jismoniy faollikning ahamiyati, semirishning oqibatlari keng muhokama etilmoqda. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tadbir doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyyesus bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida yurtimizda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlar, istiqboldagi reja va dasturlar haqida ma'lumot berildi.

O‘z navbatida, Tedros Gebreyyesus ham aholi salomatligini asrashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilash bu kelajak avlodlar kamolga yetishining eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini ta'kidladi. 

Shuningdek, u JSST va O‘zbekiston o‘rtasida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini hamda O‘zbekistonga amalga oshirilajak tashrifni intiqlik bilan kutayotganini bildirdi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya, Belarus, Turkiya,  Qozog‘iston, Armaniston,  Ozarboyjon, Qirg‘iziston hamda Tojikiston davlatlarining delegatlari bilan ham kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda istiqbolli rejalar xususida ikki tomonlama samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid
Top