9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

11:45 / 19.09.2018 49455

AIBA va XOQ mojarosi. G‘ofur Rahimov atrofida nimalar yuz beryapti?

Moskvada noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro havaskor boks federatsiyasida (AIBA) prezidentlik saylovlari so‘nggi yillarda shunga o‘xshash saylovlar orasida eng qiziqarli va keskin bo‘lishi kutilmoqda. AIBA rahbari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi G‘ofur Rahimov va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) o‘rtasidagi ziddiyat shunday holatni keltirib chiqardi. XOQ Amerika sanksiyalari ostida bo‘lgan o‘zbekistonlik amaldorga nomzodini bekor qilishni tavsiya qildi, aks holda Olimpiya dasturidan boks chiqarib yuborilishi mumkinligi bildirildi. Lekin G‘ofur Rahimov bosimga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ma'lum qildi. Rossiya boks federatsiyasi G‘ofur Rahimovni qo‘llab-quvvatladi, tashkilot bosh kotibi Umar Kremlev esa «bunday prezident bilan boksda shubhasiz kelajak borligi» haqida aytib o‘tdi, deb yozmoqda «Kommersant'» nashri.

Xalqaro havaskor boks federatsiyasi prezidentligiga bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan saylovlar mavzusi shu hafta boks hamjamiyatida eng muhokama qilinuvchi masalaga aylandi. Saylovlar 3 noyabr kuni Moskvada o‘tkaziladi. Saylovlar bilan bog‘liq vaziyatga ulardagi asosiy favorit bo‘lgan G‘ofur Rahimovning atrofidagi holat keskinlik berdi.

U o‘tgan yili, yanvar oyida, ushbu tuzilmadagi boshqaruv inqirozi paytida AIBA prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi bo‘ldi. Inqirozning qurboniga federatsiyaga 2006 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan tayvanlik U Tszingo aylandi. Ma'lum bo‘lishicha, uning boshqaruvi paytida moliyaviy holat juda achinarli darajaga kelib qolgan, ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra esa, qarzdorlik 50 mln dollarga yetgan. Bu muammolar sportga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi - masalan, boks olamida malakasiz va ko‘p paytlarda xolis bo‘lmagan hakamlikdan g‘azablanish holatlari ko‘payib bordi.

G‘ofur Rahimov vaziyatni to‘g‘rilashga bir qator qadamlar qo‘ydi. U AIBA qarzlarini yo‘qotib, hakamlik sifatini oshirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirdi. Rahimov prezident sifatida saylanadigan bo‘lsa, AIBA’da keng ko‘lamli islohotlarni o‘tkazishga va'da berdi. Osiyo boks konfederatsiyasi rahbari Serik Qo‘naqbayev u bilan saylovlarda raqobat qilmoqchi bo‘lgan yagona nomzodga aylandi, biroq tahlilchilar uning imkoniyatlarini juda past baholashmoqda.

Foto: Kazinform

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi saylovlardagi intrigani keltirib chiqadi. Asosiy sport tuzilmasi G‘ofur Rahimov bilan bog‘liq da'volarni avval ham ma'lum qilib kelgan bo‘lsa-da, biroq bu safar uning saylanishiga qarshi chiqishini aniq ko‘rsatdi. Insidethegames resursi G‘ofur Rahimovga Xalqaro olimpiya qo‘mitasining axloq bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Pakrett Jirar-Zapelli tomonidan yuborilgan xat matnini e'lon qildi. U ultimatumga o‘xshaydi. Zapelli xonimning yozishicha, AIBA’ga saylovlarga «boks manfaatlari uchun» faqatgina «mutlaqo toza» nomzodlar o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, G‘ofur Rahimovning bekgraundini u «toza» hisoblamaydi. Uning eslatishicha, amaldor AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lib, u jinoiy tashkilotlar bilan aloqadorlikda gumonlanadi. Bu ayblovlarni Rahimov bir necha bor rad etdi. Pakrett Jirar-Zapelli, xuddi XOQ prezidenti Tomas Bax kabi, boks, agarda uning yetakchilari asosiy tuzilma tavsiyalarini bajarishmasa, Tokioda 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi yozgi Olimpiada dasturida o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Xuddi shunday qiyinchiliklar bir yil oldin Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Kirsan Ilyumjinovda kelib chiqdi, u ham o‘z vaqtida AQSh sanksiyalari ostida qoldi. FIDE ichida qator yuqori mansabli amaldorlar guruhi bilan ziddiyatga kirishgan Ilyumjinov ular uning o‘z lavozimini tark etishiga sababchi bo‘la olmasligini uzoq vaqt isbotlashga urindi, biroq yakunda navbatdagi saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortdi.

G‘ofur Rahimov, ma'lum bo‘lishicha, ulardan voz kechmoqchi emas. Aksincha, XOQ tomonidan ultimatumga o‘z bayonotini e'lon qildi. Unda u AIBA’ga kiruvchi milliy federatsiyalarni, ya'ni, noyabr oyidagi saylovlar natijasi bevosita bog‘liq bo‘lganlarni «mish-mishlar ta'siriga tushmaslik» va maqsadi «demokratik jarayonga aralashish» bo‘lgan turli «spekulyatsiyalarga» e'tibor qaratmaslikka chaqirdi. Ayni paytda AIBA faoliyati haqida gapirar ekan, G‘ofur Rahimov u «to‘liq shaffoflik»ni nazarda tutishi haqida ta'kidlab o‘tdi.

Foto: AIBA

Boksdagi eng nufuzlilardan biri bo‘lgan Rossiya boks federatsiyasi G‘ofur Rahimov tarafini egalladi. Tashkilot bosh kotibi Umar Kremlevning «Kommersant'»ga aytishicha, XOQ amaldorlari pozitsiyasini tushunmaydi, sababi «milliy federatsiyalarning 90 foizi, jumladan, AQSh federatsiyasi ham, ijroiya qo‘mitasi a'zolarining ko‘pchiligi kabi aynan Rahimovni qo‘llab-quvvatlaydi». Kremlevning ta'kidlashicha, AIBA’da 20 yildan ortiq vaqt davomida rahbarlik lavozimini egallab kelayotgan G‘ofur Rahimov «boks uchun ko‘p ish qildi - bankrotlikni to‘xtatdi, hakamlikda tartib o‘rnatmoqda» hamda «haqiqiy yetakchi sanaladi», u bilan «boksda shubhasiz kelajak bor». Uning qo‘shimcha qilishicha, «har qanday bosim - bu noto‘g‘ri va qoidalarga qarama-qarshidir»: «Bizda demokratiya, diktatura emas».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq XOQ G‘ofur Rahimovga chaqiriq bilan chiqqandi.

Shundan so‘ng G‘ofur Rahimov AIBA a'zolarini saylov oldidan OAVdagi gap-so‘zlarga e'tibor qaratmaslikka chaqirdi.

Ma'lumot uchun: «Kommersant» nashriyot uyining 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi «Kommersant-xolding» YoAJ, o‘z navbatida, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan nazorat qilinadi.

Top