15:41 / 19.09.2018
14399

Gurlan tumanida katta xarajat bilan suv ta'minoti tizimiga ulangan aholi suvsiz qolmoqda

2018 yil mart oyida Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Vazir qishlog‘i «Do‘stlik bog‘i» mahallasining o‘nlab xonadoni ichimlik suvi ta'minotiga ulandi. Biroq, odamlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Oldiniga, bir necha hafta davomida suv ta'minotida uzilishlar paydo bo‘ldi, so‘ngra mahalla xonadonlari undan butkul uzildi.

Mahallaning 18 nafar xonadoni bu muammo yuzasidan ko‘plab idoralarga, mutasaddi xodimlarga arz qilishdi. Ammo, foyda bermagach, KUN.UZ tahririyatiga murojaat etishdi. Biz Gurlan tumani Vazir qishlog‘iga borib, murojaatchilar bilan uchrashdik, vaziyatni o‘rgandik.

2017 yili Vazir qishlog‘i «Do‘stlik bog‘i» mahallasini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bir necha yillardan beri yer osti sifatsiz suvlarini iste'mol qilib kelayotgan mahalliy aholi buni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi.

Aholiga esa suv ta'minoti tizimiga ulanib olish taklif qilindi. Biroq, ko‘pchilik bu masalaga tanqidiy yondashdi, ular: «Oldin ko‘raylik, suv kelsin, ta'minot uzluksiz bo‘lsa, quvurlarga ulanib olamiz», deb kutib turishga qaror qilishdi. 20ga yaqin xonadon esa va'dalarga ishonib, katta mablag‘ sarflab, suv ta'minoti tizimiga ulanib olishdi.

500 ming so‘m sarflab, suv quvuriga ulanib olgan xonadonning suv jo‘mragi - undan suv kelmaydi.

Shu mahalla a'zosi, 58 yoshli Baxtiyor Tilavov gapiga ko‘ra, suv ta'minoti atigi bir oy ishlagan xolos.

«Mahallamiz hududidan o‘tgan yangi suv quvuriga xursandchilik bilan ulandik. Oilamiz bilan toza ichimlik suvi icharkanmiz, deb quvondik. Ammo, suv atigi bir oy berildi xolos. Oldiniga, ko‘plab avariyalar sababli, uzilishlar vujudga kelgan bo‘lsa, keyinchalik suv butunlay to‘xtab qoldi».

57 yoshli Sotimboy Shernazarov qo‘shnisining gapini tasdiqlagan holda, quvurga ulanib olish uchun katta pul sarflaganini, biroq, toza ichimlik suvi ta'minoti to‘xtab qolganini aytdi.

Yer ostidan o‘tgan suv quvuri yorilib, ichimlik suvi dalaga oqib ketgan joy

«Suv quvuriga ulanib olish uchun o‘zim 500 ming so‘m sarfladim. Boshqa xonadonlar ham shu qiymat atrofida xarajat qilishdi. Ammo atigi bir oy suv ichdik xolos. Oldiniga quvurlar yorilib, suv ta'minotida uzilishlar paydo bo‘la boshladi. Keyinchalik, suv butunlay kelmay qoldi».

Yangi suv quvuriga ulangan xonadon. Ammo suv yo‘qligi sababli, yer ostining sifatsiz suvi ichilmoqda

55 yoshli Ro‘zimboy Eshniyazov gapiga ko‘ra, toza ichimlik suvi muammosi aholini ko‘p yillar davomida qiynab kelgan, ammo endi hal bo‘ldi deganda, yana yuzaga chiqqan.

«Shuncha yillar davomida yer osti sifatsiz suvlarini ichib kelmoqdamiz. Bundan turli kasalliklar kelib chiqmoqda. Yangi suv quvuriga ulandik, suv ta'minoti tiklangandi. Ammo shunda ham, jo‘mrakni ochganimizda bir-ikki chelak sap-sariq suv kelardi. Hozir esa u ham to‘xtab qoldi».

Bu muammo yuzasidan «Tuyamuyun - Urganch» Mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish davlat unitar korxonasi Gurlan tumani bo‘limi bilan bog‘landik. Ismi oshkor bo‘lishini istamagan xodim so‘zlariga ko‘ra, Vazir qishlog‘i «Do‘stlik bog‘i» mahallasining suv ta'minotidan uzilib qolishiga quvurlar tizimida yuzaga kelgan ko‘plab avariyalar sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, suv bilan ta'minlash uchun zarur bo‘lgan nasos stansiyalari elektr ta'minotidan uzib tashlangan. Ayni paytda, idoraning elektr energiyadan qarzi 280 million so‘mga yetgan.

Gurlan tumani Obod qishlog‘i hududidan o‘tgan suv quvuri. U yorilib, toza ichimlik suvi kanalga oqib ketmoqda

Darhaqiqat, Xorazm viloyati tumanlarida ichimlik suvi ta'minoti quvurlari juda eskirib ketgan. Natijada, kun ora ularda avariyalar vujudga kelmoqda, quvurlar teshilib, toza ichimlik suvi dalalarga, zaxkash va kanallarga oqib ketyapti. «Do‘stlik bog‘i» mahallasida xonadonlarni suv ta'minotiga ulashdan, ularni katta xarajat qilishga undashdan oldin, shu narsalar hisobga olinishi shart emasmidi? Fikrimizcha, aholini suv bilan uzluksiz ta'minlash imkoniyati bor yoki yo‘qligi o‘rganib chiqilishi, agar buning iloji bo‘lmasa, odamlarni bekorga umidlantirmaslik lozim edi. Endi esa bitta muammoning chala hal qilinishi oqibatida, uning kurtaklab ketganini ko‘rmoqdamiz.

2018 yil sentabr holatiga ko‘ra, Vazir qishlog‘i «Do‘stlik bog‘i» mahallasida toza ichimlik suvi ta'minoti yo‘q. «Oldin ko‘raylik, suv kelsin, ta'minot uzluksiz bo‘lsa, quvurlarga ulanib olamiz», deb kutib turishga qaror qilgan aholini eslaysizmi? Ular mutlaqo haq bo‘lib chiqishdi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top