16:15 / 19.09.2018
8762
«Qonunmi yo qaror, farmonmi yoki farmoyish?». OAVdagi xatolar

Bugun gazeta va jurnallarda, tele va radiokanallarda imloviy xatolar, uslubiy g‘alizliklar, normativ-huquqiy hujjatlar nomini chalkashtirib yuborish oddiy holga aylanib qoldi. Ayniqsa, hududiy ommaviy axborot vositalari bu «musobaqa»da «chempionlik» qilishmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2017-2018 yillar davomida «qoidabuzar» hamkasblarga nisbatan 200dan ortiq ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi. O‘ta g‘ariblashib, g‘ovlab, chidab bo‘lmas darajaga kelib qolgan «Qo‘ldan qo‘lga», «Voqif», «Tarovat», «Sharq dunyosi», «Mehnat va turmush» kabi gazetalar hamda «Koshki-myshki» jurnali faoliyati tugatildi.

Xo‘sh, yuzaga kelgan holatni yaxshilash uchun yana nima qilish kerak, yana qanday ta'sir choralarini qo‘llash lozim? Muammoning asl sabablari qayerda?

Eng asosiy choralardan biri tahririyat xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirishdan iboratdir. Afsuski, shu paytga qadar o‘tkazilgan seminar va konferensiyalar hamda o‘quv mashg‘ulotlariga asosan ommaviy axborot vositalarining rahbarlarini chaqirishga odatlanganmiz. Bevosita ishni bajaradigan jurnalist-xodimlar esa panada, hech narsadan xabarsiz qolib ketavergan. Rahbar o‘zi qatnashgan o‘quvlardagi yangiliklarni xodimlariga chala yetkazgan yoki umuman yetkazmagan.

Mana shularni hisobga olib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan birgalikda yangi formatda «Hududiy ommaviy axborot vositalarining holatini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar» mavzusida o‘quv-seminarini o‘tkazishni boshladi. Ushbu o‘quv-seminarlari har bir viloyatda tashkil etilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad Toshkentdan olimlarni olib borib, quruq va'zlar o‘qish emas, hududiy ommaviy axborot vositalari tomonidan oxirgi besh yil davomida yo‘l qo‘yilgan tizimli qonunbuzilish, xato va kamchiliklarni har bir gazeta va jurnal, veb-sayt va teleradiokanal misolida, ko‘rgazmali vositalar yordamida tahlil qilishdir.

Shu bilan birga, tadbirlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaror, farmon va farmoyishlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror va farmoyishlar qabul qilinishi, eng ko‘p xatoga yo‘l qo‘yilayotgan so‘zlarning to‘g‘ri yozilishi o‘rgatilmoqda. Qonun hujjatlari nomi va normalariga doir ma'lumotlarning berilishida rasmiy manbalar (yoki www.lex.uz veb-sayti)dan foydalanilishi lozimligi alohida uqtirilmoqda.

Mazkur o‘quv-seminarlarining ahamiyatli jihati shundaki, ularda nafaqat hududiy ommaviy axborot vositalari rahbarlari, balki tahririyatda ishlovchi ijodiy va texnik xodimlar, shu jumladan, bosh muharrir o‘rinbosarlari, bo‘lim mudirlari, muxbirlar, musahhihlar, sahifalovchi-dizaynerlar va hatto matn teruvchilar ham qatnashmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Top