14:27 / 20.09.2018
9006
Andijonda Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, murabbiylari taqdirlandi

Ma'lumki, joriy yilning 18 avgust- 2 sentabr kunlari Indoneziya davlatining Jakarta shahrida XVIII Osiyo o‘yinlarida bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Andijon viloyatida kamol topgan bir qator sportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Ulardan 6 nafari g‘olib va sovrindor bo‘ldi.

19 sentabr kuni “Sog‘lom avlod” stadionida o‘tkazilgan “Andijon”-“Bunyodkor” klublari o‘rtasidagi futbol bahsidan oldin, minglab tomoshabinlar ishtirokida Osiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan andijonlik sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tadbirda so‘zga chiqib, nufuzli musobaqadan yuzi yorug‘ bo‘lib qaytgan sportchilar, murabbiylar va ularning ota-onalarini andijonliklar nomidan tabrikladi.

So‘ng Osiyo o‘yinlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan Ruslan Nurudinov, Jasurbek Latipov va Iqboljon Xoldorovlarga viloyat hokimining 30 million so‘mdan, Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibiga aylangan Hasanboy Do‘smatov va Omadoy Otaqo‘ziyevalarga 20 million so‘mdan,musobaqalarda bronza medaliga ega bo‘lgan Oysuluv Abdumajidovaga 15 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari berildi.

Shuningdek, ularning murabbiylari, O‘tkirbek Haydarov, Abduvohid Jalolov, Ziyovuddin Tayg‘onboyev, Naimjon Turg‘unov, Sobirjon Pardayevlar ham viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Elmurod Ermatov, Andijon

KUN.UZ muxbiri

Mavzu
Osiyo o‘yinlari
18 avgustdan 2 sentyabrgacha Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida XVIII Osiyo O‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Turnirda qit'aning 45 mamlakatidan 10 mingga yaqin sportchi ishtirok etadi. Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Barchasi
Top