11:14 / 20.09.2018
50100

«Bu – butun futbol olami uchun sharmandalik». Ronaldu nohaq chetlatildimi?

«Yuventus» libosida ilk marta Chempionlar ligasi o‘yinida maydonga tushgan Krishtianu Ronaldu maydonni ko‘zida yosh bilan tark etdi. «Mestalya» stadionida «Valensiya» mehmoni bo‘lgan «Yuve» portugaliyalik yulduzning chetlatilishi va Sami Xediraning jarohat olib maydonni tark etishiga qaramay, penaltidan kiritilgan 2 ta gol evaziga g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Ammo shunisi aniqki, o‘yindagi natijadan ham ko‘ra, Ronalduning qizil kartochka olishi muxlislar yodida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

A Seriyaning o‘tgan turida dubl qayd etib, o‘ziga ishonchi oshgan Krishtianu YeChLda ham jamoasiga g‘alaba keltirish uchun chuqur ichki xohish bilan maydonga tushgani ko‘rinib turgan edi. O‘yin statistikasiga ko‘ra, o‘sha 30-daqiqaga qadar u to‘p bilan 17 marta muomalada bo‘lib, darvoza tomon 2 ta zarba yo‘llashga va 1 ta xavfli uzatmani amalga oshirishga ulgurgan edi. U 4-5 ta xavfli vaziyatlarda bevosita ijrochi bo‘lib, «Valensiya» himoyasi uchun jiddiy xavf bo‘lib turgandi.

30-daqiqada «Yuventus» chap qanotdan navbatdagi hujumni amalga oshirdi. Bu vaqtda maydon markazidan jarima maydonchasiga kirib kelayotgan Ronaldu va uni yopishga uringan «Valensiya» markaziy himoyachisi Jyeyson Murilo o‘rtasida kichik to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Aftidan, kolumbiyalik himoyachi pozitsiya uchun kurashdagi kichik to‘qnashuvdan foydalanib, simulyatsiya ishlatishni istadi va maydonga yiqildi. Krishtianuning nazarida raqibining bu «yolg‘on» harakati sportchiga yarashmaydigandek tuyuldi shekilli, to‘p uzatilmasligi, ya'ni vaziyat barbod bo‘lgani ma'lum bo‘lgach, «E, seni qara» degandek uning boshidan biroz turtib qo‘ydi. Ha, zarba berdi yoki urdi emas, aynan turtib qo‘ydi. O‘rnidan turayotib Krishtianuga yana turtilib ketgan Murilo, aynan shuni kutib turgandek, jiddiylasha boshladi.

Germaniyalik hakam Feliks Brix ushbu vaziyatni ko‘rgani yo‘q. U ancha vaqt yon hakam bilan maslahatlashib turgach, o‘ta bahsli qaror qabul qildi –hujumchiga qizil kartochka ko‘rsatdi.

Shu tariqa, Krishtianu Ronaldu Chempionlar ligasidagi 154-o‘yinida birinchi marta maydondan chetlatildi va maydonni ko‘z yoshi bilan bazo‘r tark etdi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida «keksa sinora» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri VAR tizimini yodga oldi.

«Faqat shuni aytishim mumkinki, VAR hakamga ushbu epizodda to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam bergan bo‘lardi.

Jamoani Chempionlar ligasining ilk turida kamchilik bo‘lib qoldirish – bunday qaror hafsalamni pir qilyapti. Bugun shu tufayli biz mag‘lubiyatga uchrashimiz ham mumkin edi», - deya ta'kidladi Allegri.

Ta'kidlash o‘rinliki, bundan roppa-rosa bir hafta muqaddam «Yuventus» prezidenti Andrea Anelli Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi o‘yinlariga VAR texnologiyasini tatbiq etish kerakligini aytib chiqqan edi. Avgust oyi oxirida esa UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin 2019/2020 yillar mavsumidan boshlab yevrokuboklarda ushbu tizimdan foydalanish yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qilgandi.

«Rejamiz – kelasi mavsumdan boshlab ushbu tizimdan foydalanish. Birinchi o‘yin – 2019/20 yillar mavsumi uchun Yevropa Superkubogi o‘yini bo‘ladi», - deb aytgan edi UYeFA rahbari.

Kechagi vaziyatga qaytsak, endi 33 yoshli hujumchi 2-turda «Yang Boyz»ga qarshi Turindagi o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydi. UYeFA uni diskvalifikatsiya qilgan taqdirda, «Old Trafford»da «Manchester Yunayted»ga qarshi kechadigan 3-tur o‘yinini ham o‘tkazib yuborishi mumkin.

Darvoqe, Krishtianuning opasi Katya Aveyru ham ushbu holatga munosabat bildirib, ukasining bunday vaziyat uchun qizil kartochka bilan jazolanishini «butun futbol uchun sharmandagarchilik» deb atadi.

«Bu – butun futbol olami uchun sharmandalik. Hali adolat o‘z so‘zini aytadi. Ular ukamdan qutulishni istashgan edi, biroq Xudo hamisha uyg‘oq», - deb yozdi Aveyru Instagramdagi sahifasida.

Mavzuga oid
Top