14:10 / 21.09.2018
21167

Abdulla Aripov Osiyo o‘yinlari sovrindorlariga pul mukofotlarini topshirdi (fotoreportaj)

Bugun, 21 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida Indoneziyada bo‘lib o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilib, g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etib, Indoneziyada shohsupaga chiqqan atletlarga mukofotlarni topshirdi.

Taqdirlash marosimi avvalida bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, sportchilarni o‘zbek sporti uchun eng muvaffaqiyatli o‘tgan Osiyo o‘yinlaridagi munosib ishtirok bilan tabrikladi, ularga kelgusidagi faoliyatlarida mustahkam sog‘lik va omad tiladi.

«Dunyoning eng ko‘p aholisiga ega mamlakatlari ishtirok etgan musobaqada munosib qatnashib, ular orasida 5-o‘rinni egallash – nafaqat sport sohasi vakillarini, balki butun O‘zbekiston xalqini ruhlantiradigan natijadir. Shu boisdan ham xalqimiz nomidan barchangizga ulkan minnatdorchilik bildiraman», - dedi hukumat rahbari.

Bosh vazirning ma'lum qilishicha, kecha prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston sporti rahbarlari va mutasaddilariga mamlakatda sportni yanada ommaviylashtirish vazifasi yuklatilgan. Xususan, prezident sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va aholi salomatligini saqlash uchun sportning qamrovini kengaytirish kerakligiga urg‘u bergan.

«Sizdek taniqli va sevimli sportchilarimizsiz buni amalga oshirishimiz imkonsiz», - deya qayd etdi Aripov.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «XVIII Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar 5 ming AQSh dollaridan, kumush medal egalari 3 ming dollardan va bronza medal sohiblari 2 ming dollardan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, aziada chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan atletlarning har biri Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan 10 ming AQSh dollari bilan mukofotlandi.

Osiyo o‘yinlari chempionlaridan kurashchi Muhsin Hisomiddinov, yengil atletikachi Svetlana Radzivil va O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori bokschi Isroil Madrimovlar so‘zga chiqib, bildirilgan ishonch va e'tibordan mamnun ekanliklarini, keyingi marralar uchun mehnat qilishda davom etishlarini bildirishdi.

Tadbirni yakunlash uchun so‘z olgan Abdulla Aripov oktabr oyida Argentinada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etuvchi o‘zbekistonlik sportchilarga ham muvaffaqiyat tiladi. Ma'lumot o‘rnida, 3-marotaba tashkil etilayotgan kichik Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 37 nafar atlet himoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 30 ta sport turida 234 nafar sportchi himoya qildi. Shundan 21 sportchi oltin, 24 sportchi kumush va 25 nafar sportchi bronza medal oldi. O‘zbekiston delegatsiyasi medallar sifati bo‘yicha 45 mamlakat ichida umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindor sportchilar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Top