13:55 / 22.09.2018
7986

Abdusalom Azizov Tojikistondagi qo‘shma mashg‘ulotlarni kuzatdi. Bir guruh tojik harbiylari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi 

O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Tojikistonning So‘g‘d viloyatida joylashgan poligonda hamkorlikda o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotlarda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh tojikistonlik harbiylarni O‘zbekiston Mudofaa vazirligining «Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun» ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. O‘z navbatida o‘zbekistonlik ilg‘or harbiy xizmatchilar ham Tojikiston mudofaa vaziri tomonidan rag‘batlantirildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mashg‘ulot shartiga ko‘ra dastlab ikki davlat harbiylari hamkorligida chegara yaqinida aholini asir olgan shartli terrorchi kuchlarning joylashgan joyi uchuvchisiz uchar apparatlari vositasida aniqlandi. Olingan ma'lumotlarga asoslanib, ularni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar aviatsiya va artilleriya zarbalari orqali yo‘q qilindi. O‘zbekistonlik desantchilar shartli dushman kelishi ehtimoliy yo‘nalishiga pistirma uyushtirdi. Jangovar texnikalar vositasida harbiy xizmatchilar tezkor va aniq harakatlanib, aksilterror operatsiyasini muvaffaqiyatli yakunlashdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Hamkorlikdagi jangovar operatsiyalarning asosiy qismini O‘zbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari kuzatib borishdi. 3 kun davom etgan amaliy mashg‘ulotlar ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga, chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirishga, harbiy xizmatchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida foydalanilayotgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 

Top