15:40 / 23.09.2018
20508

Sog‘liqni saqlash tizimida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? Aziz Abduhakimov bilan intervyu

Nihoyat, O‘zbekistonda robotlashtirilgan jarrohlik, radiojarrohlik, fotodinamik terapiya kabi yuqori texnologiyali davolash usullari rivojlantiriladi, shifoxonalarda davolanuvchilar soni sezilarli darajada kamayadi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yaqin o‘n yilda respublika tibbiyot muassasalari faoliyatida kuzatiladigan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi.

Aziz Abduhakimov
Foto: Kamil Yenikeyev

Uch bosqichli rivojlanish dasturi

Yaqin yillarda sog‘liqni saqlash tizimining  rivojlanishini shartli ravishda uch bosqichga taqsimlash mumkin. O‘zgarishlarning bari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga muvofiq eng yaxshi zamonaviy profilaktika, kasalliklar diagnostikasi va  davolash tajribasi bilan xarakterlanadi.

2019-2020 yillarga to‘g‘ri keluvchi birinchi bosqichda sog‘liqni saqlash tizimini qayta yo‘naltirishni rejalashtiryapmiz. Shifokorlarning asosiy vazifasi kasalliklar profilaktikasi bo‘ladi. Buning uchun birlamchi tibbiy-sanitar yordam tarmog‘ini optimallashtirish jarayonini o‘tkazish, faoliyatni bemorning og‘riqdan aziyat  chekib shifokorga murojaat qilishidan emas, balki kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga yo‘naltirish kerak bo‘ladi. Bu patronaj va reabilitatsion ishlarni kuchaytirishni talab qiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklarni aniqlash uchun ommaviy skriningni rivojlantiramiz. Birinchi zveno tibbiyot muassasalari u yoki bu kasalliklarni aniqlash maqsadida aholini ommaviy ko‘rikdan o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi.

Sog‘lom turmush tarzi

"Sog‘lom ovqatlanish" dasturlarini amalga oshirish yo‘li bilan noto‘g‘ri ovqatlanishni erta bosqichda aniqlash va kasalliklar profilaktikasiga katta e'tibor qaratiladi. Dastur shuningdek ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilarni parhezli ovqatlanish bilan ta'minlashni ham o‘z ichiga oladi.

Umuman olganda, "sog‘lom turmush tarzi" bo‘yicha dasturlar rivojlanishi va targ‘ibotiga katta e'tibor qaratiladi. Bolalar bog‘chasi, maktab, kollej, litsey va oliy ta'lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahalla qo‘mitalari, xotin-qizlar tashkilotlari, Yoshlar ittifoqidan tortib to keksalar va nafaqaxo‘rlarni birlashtiruvchi tashkilotlargacha har kuni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish ommaviy targ‘ib qilinadi, to‘g‘ri ovqatlanish usullariga oid xabardorlik darajasi oshiriladi.

Ko‘pchilik shifokorga tashrif kasalxonada davolanish bilan tugashi kerakligiga o‘rganib qolgan. Ilg‘or tibbiyotga ko‘ra, terapevtik kasalliklarning aksariyati shifoxonaga joylashuvni talab qilmaydi. Shu bois bemorlar zarur tibbiy muolajalarni olish uchun murojaat qiluvchi kunduzgi statsionarlar tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Harakatlanishga qiynaluvchi keksalar hamda jamoatchilikda paydo bo‘lish tavsiya etilmaydigan bemorlar alohida e'tiborni talab qiladi. Shuning uchun "Uy statsionari" xizmatini yo‘lga qo‘yamiz, ya'ni tibbiyot xodimi belgilangan muolajalarni o‘tkazish uchun bemorning uyiga boradi.

Zamonaviy tibbiyotni yuqori texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Transplantologiya rivojiga alohida e'tibor qaratiladi, zero bu ba'zi bemorlar hayotini saqlab qolishning yagona yo‘lidir. Bugunga kelib Toshkent shahrining biryo‘la bir necha tibbiyot muassasalarida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari bajarila  boshlandi, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ishga tushirildi. Akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jigarni ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq operatsiyalar bajarilmoqda. Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutida ildiz hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish yo‘li orqali qon kasalliklarini davolash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatda bunday davolash imkoniyatlarining yo‘qligi odamlarning o‘z uylari va  mashinalarini sotib, chet mamlakatlarga davolanish uchun ketishiga olib keladi, zero bu juda katta xarajatlarni talab qiladi. Vaziyatni tubdan o‘zgartiramiz. Mahalliy klinikalarda davolanish hamyonbop narxlarda bo‘ladi.

Jarroh-robotlar, radiojarrohlik

2021-2023 yillarda esa oliy tibbiyot muassasalarining klinikalari rivojiga, ularda yuqori texnologiyali davolash usullarining joriy qilinishiga urg‘u beriladi. Bu hududiy klinikalarda shifokorlarni tayyorlash va yuqori texnologiyalarni tatbiq qilish uchun sharoit yaratadi.

Birinchi bosqichda ovqatlanishga katta e'tibor qaratamiz, zero noto‘g‘ri ovqatlanish sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarning yuzaga kelishiga olib keladi. Sog‘lom ovqatlanishni rivojlantirishga qaratilgan yagona siyosatni belgilab beruvchi Milliy oziqlanish instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu aholi, jumladan onalar va bolalarning  noto‘g‘ri ovqatlanishi natijasida yuzaga keluvchi salbiy asoratlarni qisqartirishga olib kelishiga umid qilamiz, ortiqcha vazn va semizlik, sog‘lom taom bilan ta'minlash va buning uchun barchaga birdek imkoniyat yaratish shular jumlasidandir.

Bitishi qiyin bo‘lgan jarohatlarni davolashda yuqori samara beruvchi fotodinamik terapiyani rivojlantirishni ham rejalashtiryapmiz. Mening fikrimcha, bu yo‘nalishni rivojlantirishda mahalliy olimlarning ishlanmalariga yetarlicha e'tibor qaratish kerak. Shuningdek, bu davrda mamlakatda jarroh-robotlar, radiojarrohlik uchun uskunalar va davolashning boshqa yuqori texnologiyali jarrohlik usullarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Yo‘ltanlamaslar, maxsus vagonlar va vertolyotlar

Uzoq muddatli istiqbolda 2029 yilgacha mintaqalardagi samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan shifoxonalar faoliyatini to‘xtatib, statsionar tibbiyot muassasalari tarmog‘ini optimallashtirishni rejalashtiryapmiz. Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga muvofiq tibbiy xizmatlarning deyarli barcha jabhalarini o‘z ichiga olgan yirik zamonaviy ko‘p profilli tibbiyot markazlarini ishga tushiramiz.

Favqulodda vaziyatlarda tezkor yordam ko‘rsatish uchun transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Shifokorlar eng qisqa fursatlarda kerakli manzilga yetib borib, shoshilinch yordamga muhtoj bemorni statsionarga yetkazishlari uchun zamonaviy va reanimatsion avtomobillar, temiryo‘l transportida maxsus vagonlar va hatto vertolyotlar bilan ta'minlanadi.

Top