21:45 / 23.09.2018
42246

O‘raga nima tushdiki, Oltiariq bozori muammosi “guldur-gup” bo‘ldi?...

Joriy yilning 17 may kuni KUN.UZ sayti orqali “Bozordagi do‘konlar tunda buzib tashlandi. Oltiariqliklar haqiqat izlaydi” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi.  Unda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida joylashgan bozorning yarim tunda, hech qanday tushuntirishlarsiz buzib tashlangani va buning ortidan qanchadan qancha tadbirkorlar zarar ko‘rgani haqida hikoya qilinadi. 

Oradan 4 oy o‘tdi. Bu kichik muddat emas. Xo‘sh, ushbu muammoni hal etish yo‘lida nimalar o‘zgardi? Oltiariq tuman hokimligi tadbirkorlar muammosiga qanday chora ko‘rdi? Viloyat hokimi bu haqda qiziqdimi? Afsuski, bunday bo‘lmaganga o‘xshaydi. Sababi, kuni kecha KUN.UZ tahririyatiga oltiariqlik tadbirkorlar kelishdi va ushbu muammo yuzasidan takroran murojaat etishdi. Achinish bilan shuni aytish mumkinki, muammo muammoligicha qolgan.  

Tabiiy savol tug‘ilmoqda - nega oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Oltiariq dehqon bozori bilan bog‘liq mojaro hali ham ijobiy yechim topgani yo‘q. Bu orada tadbirkorlar, qora qozonini qaynatish uchun savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelayotganlarni holi ne kechdi?

Davlatimizning yangi islohotlar davriga qadam bosganiga ham kam emas, ko‘p emas ikki yilcha vaqt bo‘ldi. Bu kichik muddat emas. Chunki ko‘plab sohalarda bo‘layotgan tub o‘zgarishlarni bugun real hayotda ham ko‘rib turibmiz. Ammo ayrim masalalarda bo‘layotgan e'tiborsizlik, mavhumlik kishi ko‘nglini g‘ash etadi. Agar mana shu bozor bilan bog‘liq biror reja va maqsadlar bo‘lsa, buni OAV orqali baralla aytish, xalqqa tushuntirish zarur. Mavhumlik ishonchsizlik tuyg‘usini yetaklaydi. O‘ylaymizki, bu masala yuzasidan hokimlik mutasaddilari KUN.UZ’ga o‘z munosabatlarini bildiradi.

Xurshid Daliyev,
KUN.UZ jurnalisti

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top