10:07 / 24.09.2018
19976

Bugun FIFA 2018 yilning eng yaxshilarini taqdirlaydi

Bugun Londondagi Royal Festival Hall’da FIFA tasnifi bo‘yicha yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Tantanali tadbir Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da (mahalliy vaqt bilan 16:30) boshlanadi.

Dastlabki ma'lumot sifatida aytish o‘rinliki, marosim jahon bo‘yicha hech qaysi telekanal orqali jonli efirda namoyish etilmasligi mumkin.

Bugun FIFA quyidagi 9 ta yo‘nalishda eng yaxshilarni e'lon qiladi:

1. Eng yaxshi futbolchi (erkaklar futbolida)
    Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, «Yuventus»)
    Luka Modrich (Xorvatiya, «Real»)
    Muhammad Saloh (Misr, «Liverpul»)

2. Eng yaxshi futbolchi (ayollar futbolida)
    Ada Hegerberg (Norvegiya, «Lion»)
    Jyenifer Marozsan (Germaniya, «Lion»)
    Marta (Braziliya, «Orlando Prayd»)

3. Eng yaxshi murabbiy (e)
    Zlatko Dalich (Xorvatiya)
    Dide Desham (Fransiya)
    Zinedin Zidan («Real»)

4. Eng yaxshi murabbiy (a)
    Reynald Pedros («Lion»)
    Asako Takakura (Yaponiya)
    Sarina Uigman (Niderlandiya)

5. Eng yaxshi darvozabon
    Tibo Kurtua (Belgiya, «Real»)
    Kasper Shmeyxel (Daniya, «Lester»)
    Ugo Loris (Fransiya, «Tottenhem»)

6. Halol o‘yin sovrini

7. Eng yaxshi muxlislar
    Sebastyan Karrera – Chilining «Deportes Puerto-Mont» klubi muxlisi. «Kokimbo Unido» klubiga qarshi safar o‘yinida sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun 3000 km yo‘l bosib, mehmon jamoa muxlislariga ajratilgan sektorda yakka o‘zi ishqibozlik qilgani uchun;
    Yaponiya va Senegal terma jamoalari muxlislari – JCh-2018dagi ishqibozlik madaniyati uchun;
    Peru terma jamoasi muxlislari – JCh-2018ga 40 mingdan ko‘proq kishi bo‘lib tashrif buyurgani va 36 yil ichida ilk marta mundialga chiqqan jamoani juda yuqori darajada qo‘llab-quvvatlagani uchun.

8. Yilning ramziy terma jamoasi
    Jami 55 nafar futbolchi. Shundan darvozabonlar - 5, himoyachilar – 20, yarimhimoyachilar – 15, hujumchilar – 15 nafar.

9. Eng chiroyli gol uchun beriladigan Ferens Pushkash nomidagi mukofot
    Garet Beyl («Real» - «Liverpul» o‘yinidagi gol)
    Denis Cherishev (Rossiya – Xorvatiya)
    Krishtianu Ronaldu («Real» - «Yuventus»)
    Lazaros Xristodulopulos (AYeK - «Olimpiakos»)
    Jorjian de Arraskaeta («Kruzeyro» - «Amerika»)
    Rayli Makgri («Nyukasl» - «Melburn Siti»)
    Lionel Messi (Argentina – Nigeriya)
    Benjamen Pavar (Fransiya – Argentina)
    Rikardo Kuarejma (Portugaliya – Eron)
    Muhammad Saloh («Liverpul» - «Everton»)

Sovrinlar orasida eng ko‘p diqqatga sazovori, shubhasiz, yilning eng yaxshi futbolchisi uchun beriladigan «The Best» mukofotidir. FIFA 1991 yildan buyon yilning eng yaxshi futbolchisini e'lon qilib keladi. 2010-2016 yillarda FIFAning eng yaxshi o‘yinchi sovrini va Fransiyaning nufuzli France Football nashri tomonidan ta'sis etilgan «Oltin to‘p» mukofoti birlashtirib kelingan, ammo 2016 yil yakunidan boshlab ular yana alohida-alohida topshiriladigan bo‘lgandi.

France Football`ning «Oltin to‘p»idan farqli o‘laroq, FIFAning «Eng yaxshi» sovrinlari ovoz berish orqali aniqlanadi. 25 foiz ovoz muxlislar va jamoatchilik fikri, yana 25 foiz jahon ommaviy axborot vositalari bergan ovozga asoslanadi. Qolgan 50 foizlik ovoz berish huquqi barcha terma jamoalar bosh murabbiylari (25%) va ularning sardorlariga (25%) berilgan.

O‘tgan yili FIFA Portugaliya terma jamoasi va o‘sha vaqtda «Real» hujumchisi bo‘lgan Krishtianu Ronalduni eng yaxshi deya e'tirof etgandi. Bu safar ham nomzodlar orasidan joy olgan Ronaldu bugungi taqdirlash marosimiga kelmaydi. Bunga futbolchi «Yuventus»ning tig‘iz taqvimini sabab qilib keltirgan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Yevropaning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshilarini taqdirlash marosimidan farqli ravishda, bu safar Ronaldu tashkilotchilarni kela olmasligi haqida oldindan xabardor qilgan.

Shu bilan birga, 2006 yildan buyon ilk marta yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun da'vogarlar uchligiga kiritilmagan «Barselona» hujumchisi Lionel Messi Londondagi tadbir ishtirokchisi bo‘lishi kutilmoqda. U eng yaxshi o‘yinchi bo‘lish uchun da'vogarlar uchligida bo‘lmasa-da, yilning ramziy terma jamoasidan joy olishi va eng chiroyli gol muallifi sifatida e'tirof etilishi mumkin. Uning JCh-2018dagi Nigeriya termasi darvozasiga kiritgan goli Pushkash sovriniga nomzod qilib ko‘rsatilgan.

Top