19:21 / 24.09.2018
8420

O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasining asosiy vazifalari qanday?

Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish 2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadidir.

Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

barcha darajada ta'lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta'minlash;

ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash 

va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta'lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish;

innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

mulkchilik huquqlari himoyasini ta'minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari:

fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish;

innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;

infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish;

ta'lim tizimini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish;

raqobatni rivojlantirish va ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish.

Top