17:58 / 26.09.2018
59716

Qibrayning sobiq hokimi rahbarlik lavozimiga qaytarildi

25 sentabr kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga ham yangi hokim tayinlandi. «Kun.uz» manbasi xabariga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov Nig‘mat Isroilovich Muhamedovni Parkent tumanining yangi rahbari sifatida tanishtirgan.

Nig‘mat Muhamedov Bekobod tumani hokimligiga o‘tkazilgan Ne'mat Abdullayev o‘rnida ish boshlaydi.

Qibray tumaniga 2009 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Nig‘mat Muhamedov shu yilning iyul oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev tanqidiga uchrab, ishdan olingandi. 27 iyul kuni Prezident raisligida jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas'uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qibray tumani hokimiga qo‘shib, uning o‘rinbosarlari, tuman prokurori, tuman IIB rahbari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va «Mahalla» jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbarini lavozimdan ozod etishga ko‘rsatma berilgandi.

Iyul oyi oxirida Qibray tumaniga Toshkent shahri, Yunusobod tumani sobiq hokimi, 2017 yilning avgustidan Olmaliq shahriga hokimlik qilib kelgan Miragzam Mirqosimov yangi rahbar etib tayinlandi.

Bundan avvalroq, Otabek Ubaydullayevich Isroilov Bekobod tumani hokimi lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, u paxta hosilini qo‘shib yozgani uchun ishdan olingan.

Top