13:56 / 26.09.2018
10019

OTB O‘zbekiston YaIM o‘sishi prognozini pasaytirdi

Foto: AP

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sish prognozini 2018 yilda 5,5 foizdan 4,9 foizga, 2019 yil bo‘yicha - 5,6 foizdan 5 foizgacha pasaytirdi. Bu haqda «Osiyo taraqqiyotining 2018 yilgi tahlili» yangilangan, yillik iqtisodiy hisobotida aytiladi.

Bank mutaxassislari fikricha, prognozning pasayishi o‘tgan yilda milliy valyuta devalvatsiyasining uzoq davom etgan oqibatlari bilan bog‘liq.

Markaziy Osiyo uchun 2018 yilga mo‘ljallangan o‘sish prognozi 0,1 foiz punktiga ko‘tarildi. Neft va tabiiy gazga nisbatan yuqori narxlar eksport hamda investitsiyalar hajmining ortishi bilan uyg‘unlashgan holda, Markaziy Osiyoda sezilarli darajada iqtisodiy o‘sishga olib kelmoqda, uning bu yilgi ko‘rsatkichi 4,1% bo‘lishi kutilyapti. 

«Yilning birinchi yarmida neft narxi va neft qazib olinishi hajmi Qozog‘istonda o‘sishni tezlashtirdi, Armaniston va Gruziyadagi o‘sish esa prognozdan yuqori bo‘ldi», - deyiladi hisobotda.

«2019 yilga mintaqaviy o‘sish prognozi 4,2%lik darajada qolmoqda. Shu bilan birga, Armaniston, Gruziya va Qozog‘iston uchun yaxshilangan prognozlar Turkmaniston hamda O‘zbekiston uchun past prognozlarni qoplaydi. Mintaqada 2018 yilga inflyatsiya prognozi 0,1 foiz punktiga kamayib, 8,4%ga yetdi, sababi ayirboshlash kursining barqarorlashuvi Ozarboyjonda narx-navo bosimini ushlab turishga yordam berdi. 2019 yilga mintaqa uchun inflyatsiya prognozi ham 7,9%dan 7,7%gacha kamaydi», - deya aniqlik kiritishgan OTBdan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotning o‘sish sur'ati 5,0–5,2 foiz oralig‘ida bo‘lishi haqida ma'lum qilgandi. 

Top