8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

01:06 / 26.09.2018 4909

O‘zbekistonda ilk bor sud majlislarining onlayn translyatsiyasi joriy etildi

Bugun 2018 yil 25 sentabrda Oliy sudning Rayosat zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi rasmiy veb-sayti va undagi interaktiv xizmatlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, AQSh, Hindiston, Pokiston davlatlarining elchilari, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari elchixonalari vakillari, vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov so‘zga chiqib, 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror yuzasidan 2017-2020 yillarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Dasturning amaliy ijrosi xususida ma'lumot berdi. 

Tadbirda Oliy sudning yangi veb-sayti va undagi fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani haqida so‘z yuritildi. Sayt www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz manzillari bo‘yicha joylashgan.

Endilikda ushbu tizim orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron murojaat qilish bilan birga, sud majlislarining jadvali, kuni va vaqtidan elektron tarzda xabardor bo‘lish, barcha sud qarorlari bilan tanishish mumkin bo‘ladi. 

Tadbirning eng muhim qismi – O‘zbekistonda ilk marotaba doimiy ishlovchi sud majlislarining onlayn translyatsiyasini joriy etish taqdimoti bo‘ldi. Bu holat ayni sud  jarayonini Oliy sudning veb-sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyatini beradi. Hozirda ushbu tizim sinov tariqasida O‘zbekistonning eng chekka hududlari bo‘lgan Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi 12ta sudga o‘rnatilgan va ishga tushirilgan. Shu yilning oxiriga qadar 22ta sudni, 2019 yilda esa 100dan ortiq sudni onlayn translyatsiya tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 

Top