01:36 / 28.09.2018
5437

Prezident tashrifi oldidan: O‘zbekiston rasmiylari Hindistondagi OAV vakillari bilan uchrashishdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi oldidan Dehlidagi O‘zbekiston elchixonasi OAV uchun qator axborot tadbirlarini o‘tkazmoqda. Kuni kecha o‘tkazilgan matbuot brifingida Hindistonning yetakchi nashrlari, televideniye, axborot agentliklari va onlayn-platformalarining 50 nafarga yaqini ishtirok etdi. 

Brifingda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Ilhomjon Ne'matov va O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyevlar so‘zga chiqishdi. Ular OAV vakillariga davlat rahbarining kutilayotgan tashrifi mohiyati, mintaqaviy masalalarda ikki tomonlama munosabatlar dinamikasi, iqtisodiy va savdo aloqalari, madaniyati, kinematografiyasi, investitsion va turistik salohiyati haqida so‘zlab berishdi. 

Matbuot anjumanida O‘zbekiston va Hindistonni ko‘p asrlik do‘stlik va o‘zaro hurmat aloqalari, madaniyatlar va tarix bog‘lab turishi alohida qayd etildi. O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi har tomonlama samarali va natijaviy bo‘lishi kutilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, so‘nggi kunlarda Hindistonda qator madaniy, akademik tadbirlar, investitsion taqdimotlar va biznes-forumlar bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, Hindiston Milliy muzeyida qadimiy qo‘lyozmalar va miniatyuralarga doir qo‘shma ko‘rgazmasiga start berilib, u bir oy davom etadi. 

Shuningdek, Dehli, Noyda va boshqa shaharlarda O‘zbekiston madaniyat kunlari, O‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, Hindistonning uch tadqiqot markazida senatorlar va tadqiqot institutlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokidagi muhokamalar doirasi o‘tkazilmoqda. Taqdimotlar, B2B formatidagi muzokaralar va biznes doiralarning o‘zaro uchrashuvlari avjida. 28 oktabrda Dehlida O‘zbekiston-Hindiston biznes forumi bo‘lib o‘tadi va Made in Uzbekistan ko‘rgazmasi ochiladi. O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlik va idoralar, yirik tashkilotlar va biznes doiralarning 200 ga yaqin rahbarini o‘z ichiga olgan. 

Bundan tashqari, Janubi-Sharqiy Osiyo Xalqaro muxbirlar klubida Dehlida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Kengaytirilgan brifingda elchi Farhod Arziyev, Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shamil Burnashevlar so‘zga chiqishdi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan ikki tomonlama munosabatlarga aloqador barcha savollarga javob olishdi. Matbuot anjumani Klubning feysbuk sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilingan.

Jurnalistlarning yuqoridagi ikki tadbir bo‘yicha to‘plagan ma'lumotlari ilk kunlardayoq gazeta, jurnallar, internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi 200 ga yaqin maqolada o‘z aksini topdi.

Top