10:18 / 28.09.2018
7875

Jahon bankining biznes yuritish qulayligi indeksida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini yaxshilaydi

Foto: Shutterstock

Bu prezidentning 21.09.2018 yildagi “2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5544-son farmonidan kelib chiqadi.

Strategiyaning bosh maqsadi mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish hisoblanadi, deb yozmoqda Norma.

Quyidagilar strategiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

• O‘zbekistonning 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

• barcha darajada ta'lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta'minlash;

• ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta'lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish;

• innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

• boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

• mulkchilik huquqlari himoyasini ta'minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

• barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

Strategiyani amalga oshirish asnosida 34 ta ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat o‘z holatini jiddiy ravishda yaxshilaydi, 47 ta ko‘rsatkich bo‘yicha esa yutuqlarni baholash umuman birinchi marta o‘tkaziladi.

Baholash:

• davlat qurilishi;

• inson kapitali va tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;

• infratuzilmani rivojlantirish;

• bozorlarni rivojlantirish;

• biznesni rivojlantirish;

• fan va texnologiyalar;

• ijodiy natijalarni rivojlantirish sohalarida amalga oshiriladi.

Xususan, mamlakatda Jahon bankining Biznes yuritishning qulayligi indeksi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yaxshilash rejalashtirilayotir. Buning uchun quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha olg‘a siljish rejalashtirilmoqda:

Jahon bankining Biznes yuritishning qulayligi indeksida mamlakat o‘rni yaxshilanishiga, xususan, quyidagi chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida erishiladi:

• iqtisodiyotning innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tishini va resurslardan samarali foydalanishni rag‘batlantiradigan raqobatbardosh bozorni shakllantirish;

• monopoliyaga qarshi siyosatni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish hisobiga, takomillashtirish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun tabiiy monopoliyalar tovarlaridan, ishlaridan va xizmatlaridan kamsitilmagan holda foydalanish imkoniyatini ta'minlash, monopolist korxonalar mahsulotlariga narx shakllantirishning samarali mexanizmlarini joriy etish;

• tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va ichki bozorni monopollashtirishni bartaraf etish;

• 2021 yilgacha davlat kadastri ishlarini yuritishni to‘liq raqamlashtirishni ta'minlash va mulkchilikni ro‘yxatdan o‘tkazish taomilini soddalashtirish;

• qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini 2025 yilga 20%dan ko‘p oshirish.

Hujjat 22.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Top