21:48 / 29.09.2018
204651

Green Card-2020: Orzular lotereyasi

Har yili kuz mavsumining oktabr oyi boshlanishini dunyoning sanoqli mamlakatlaridan tashqari barchasining aholisi intiqlik bilan kutadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. E'tiborli jihati ularni bitta niyat, bitta orzu o‘zaro bog‘lab turadi. Shuning barobarida ular bir-biriga raqobatchi ham hisoblanadi. Bu Amerikaga immigratsiya qilish yoki u yerda bir necha yil qonuniy yashab, ishlash huquqiga ega bo‘lish orzusidir! Gap Green Card lotereyasi haqida bormoqda.

2020 yili AQShga oila bilan yoki yakka holda qonuniy ravishda ko‘chish imkonini beruvchi bu yilgi Grin karta lotereyasining anketasi 2018 yil 3 oktabridan 6 noyabrgacha har yilgidek AQSh davlat departamenti huzuridagi maxsus sayt - https://dvlottery.state.gov/ orqali to‘ldiriladi.

Ta'kidlash o‘rinliki, grin karta anketasi qanday to‘ldirilishi borasida aholining keng qatlami orasida aniq bilim bo‘lmagani ko‘plab tushunmovchiliklarga, aksar hollarda g‘arazli kishilarning tekin daromad manbaiga sabab bo‘lmoqda. AQSh elchixonasi konsullik bo‘limi xodimlarining O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazgan tadbirida Grin kartaga doir shu va boshqa savollarga javob berildi. 

Dastavval, Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimi Grin karta nima ekani, u qanday o‘ynalishi, kimlarda yutuq imkoni kuchli ekani, anketa qanday qilib to‘g‘ri to‘ldirilishi, unda nimalarga e'tibor qaratish zarurligi kabi savollarga to‘xtalgan taqdimot marosimini o‘tkazdi. 

Xo‘sh, ushbu DV Lottery dasturida kimlar va qaysi mamlakatlar fuqarolari ishtirok eta oladi? 

So‘nggi besh yilda AQShga 50 ming fuqarosi immigratsiya qilgan davlatlardan tashqari barcha davlatlar fuqarolari ushbu dasturda qatnasha oladi. O‘zbekistonliklar ham dasturda ishtirok eta oluvchilar jumlasidandir. Qatnasha olmaydigan mamlakatlar ro‘yxati yuqoridagi veb-manzilda tanishish mumkin. Bu yilgi lotereyada ishtirok etganlar orasidan dunyo bo‘ylab 55 ming kishi tanlab olinadi. Ular orasida AQSh fuqarolari va dasturda ishtirok eta olmaydigan mamlakatlar vakillari bo‘lmasligi kafolatlanadi. 

Yana bir muhim jihati lotereya anketasini to‘ldirish mutlaqo bepul bo‘lib, har bir fuqaro har bir to‘ldirish yilida bir marta anketani to‘ldira oladi, xolos. Bunda yana bir e'tiborli jihati shundaki, agar sizning anketangiz lotereyada g‘olib bo‘lsa, bu sizning AQShga viza taqdim etilishini yoki u yerga ketishingizni kafolatlamaydi. 

Anketa to‘ldiruvchi hech bo‘lmaganda o‘rta ma'lumotga ega bo‘lishi, O‘zbekiston sharoitida litsey yoki kollejni tamomlagan bo‘lishi shart. Bundan tashqari anketaning to‘g‘ri to‘ldirilgani uchun har qanday holatda ham anketada ismi-sharifi qayd qilingan kishi mas'uldir. Shu bilan birga, konsullik xodimi o‘zbekistonliklar yo‘l qo‘yadigan ko‘plab xatolar va e'tiborsizliklar haqida so‘z yuritdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklarning aksariyati anketani to‘ldirishda boshqalarning, ma'lum bir haq evaziga yoki yutuq chiqqandan keyin to‘lash sharti bilan xizmatidan foydalanishadi. Qolaversa, ular bu yil bir kishiga shaxsiy ma'lumotlarini taqdim etgan bo‘lsa, kelasi yili boshqa bir kishiga ham murojaat qilishadi. 

Bu nimani anglatadi? Katta ehtimol bilan birinchi yili sizga anketani to‘ldirib bergan kishi ham sizga bildirmasdan saqlangan ma'lumotlaringiz va suratingizdan foydalangan holda Grin karta uchun anketani to‘ldiradi. Siz murojaat qilgan ikkinchi odam ham to‘ldiradi. Shu bilan bu shaxs nomidan to‘ldirilgan ikkita anketa ham lotereya tanlovidan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi. 

O‘zbekistonliklar yo‘l qo‘yadigan yana bir jiddiy xatolardan biri shundaki, ular anketani to‘ldirishda boshqa fuqaroning yordamidan foydalanganlari yetmaganidek, undan o‘zlariga tegishli bo‘lgan “confirmation number – tasdiqlov raqami”ni olishni unutishadi yoxud bu haqda xabarsiz bo‘ladi. Natijada mazkur raqamga ega kishi g‘olibdan firibgarlik bilan yoki sababsiz pul talab qilishda foydalanishi mumkin. 

Shunga ko‘ra, boshqa kishining yordamidan foydalangan taqdirda ham mazkur tasdiqlov raqamini olishni unutmang!

Anketani to‘ldirishdagi yana bir muhim jihati shundaki, anketaga joylanadigan fotosurat talab qilingan o‘lchamda va hajmda, so‘nggi olti oy ichida olingan bo‘lishi kerak.

Oilali kishilar turmush o‘rtog‘i, 21 yoshga kirmagan farzandlarining barchasini suratlari bilan birga anketaga qo‘shishi talab etiladi. Aks holda, lotereyada g‘olib sifatida tanlanib, keyinchalik konsullikka turmush o‘rtog‘i va farzandlarining hujjatlarini topshirgan taqdirda ham viza olish ehtimoli kamayadi. 

Shuningdek, bu yilgi Grin karta lotereyasi yo‘riqnomasiga kiritilgan yangi qoidalardan biri fuqaro nikohi bilan birga yashayotganlar endilikda oila sifatida lotereyada ishtirok eta olishmaydi. Ular birgalikda vizaga hujjatlarini topshira olishmaydi. 

Konsullik xodimi, shuningdek, lotereya g‘olibi qiladigan xarajatlar haqida ham ma'lumot berib, to‘lovlar qaytarilmasligini bildirdi. Ya'ni, agar g‘olib bo‘lgan kishi anketaga yuklangan fotosurati to‘ldirilgan vaqtda olti oydan eski bo‘lganini bilgan bo‘lsa, yoki farzandi borligini bila turib, qasddan anketaga kiritmagan bo‘lsa, yoxud anketa to‘ldiruvchi xizmatidan foydalangan bo‘lib, o‘sha to‘ldiruvchi uning ism-sharifiga ikki marta anketa to‘ldirganini bilgan bo‘lsa, tibbiy ko‘rik va viza suhbati uchun to‘langan pullar qaytarilmaydi.

Yana bir jihatni e'tiborga olish lozim bo‘ladiki, grin karta g‘olibi bo‘lish, viza taqdim etilib, AQShga borishga muvaffaq bo‘lish – o‘sha shaxsga ish joyi, boshpana, ishsizlik maoshi, tibbiy sug‘urta bepul berilishini anglatmaydi.  

Lotereya javoblari 2019 yil 7 maydan keyin anketa to‘ldirilgan saytda e'lon qilinadi. 

Mavzuga oid
Top