19:22 / 02.10.2018
8211

Xalqaro ekspert: O‘zbekiston Soliq kodeksida qator soliq tushunchalariga izoh berilmagan

Sergey Shatalov / Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning amaldagi Soliq kodeksida qator soliq tushunchalari, jumladan soliq stavkasi, soliq imtiyozi kabi qator tushunchalarga izoh berilmagan. Soliq sohasida xalqaro ekspert hisoblangan rossiyalik Sergey Shatalov Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida shunday fikrni bildirdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. 

U O‘zbekiston soliq imtiyozlari yalpi ichki mahsulotning 4 foizdan ortiq ekanini bildirar ekan, bu tizimli muammolardan biri ekanini ta'kidladi. Rossiya Federatsiyasining Soliq kodeksini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan mutaxassis “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish” mavzusida ma'ruza qildi. Shatalov soliq islohotlarini amalga oshirishda xorijiy mamlakatlar tajribasi va bu borada O‘zbekiston soliq sohasidagi tizimli muammolarni tahlil qilib berdi.

Ekspertning fikricha, O‘zbekistonda soliq imtiyozlari haddan ortiq bo‘lib, bu tizimli muammolarning eng yiriklaridandir. Soliq imtiyozlari juda ko‘p qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi va taqdim etiladi. Ya'ni,

  • Soliq kodeksining 300dan ortiq moddasi;
  • Prezident tomonidan imzolangan 650dan ortiq hujjat;
  • Hukumatning 100dan ortiq qarori;
  • 22ta ma'muriy hujjatlar.

Shatalovning aytishicha, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 4 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi soliq imtiyozlari nima uchun berilganiga esa, jo‘yali javob yo‘q. U samaradorlik uchun taqdim etilgan deyilsa, o‘sha sohalarda o‘sish ko‘zga tashlanmaydi, teng raqobat muhiti deyilsa, asosan xorijiy sarmoyadorlarga imtiyoz berilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar unutilgan. Bu, o‘z navbatida, mahalliy tadbirkorning mablag‘ini xorijga olib chiqib, xorijiy sarmoyador sifatida qayta investitsiya qilishiga zamin bo‘lmoqda.  

Bundan tashqari, milliy soliq qonunchiligida ham qator bir-biriga zid jihatlar bor. Qolaversa, turli xil soliq normativ hujjatlar haddan ortiq bo‘lib, Soliq kodeksida soliqqa tortiluvchi baza va stavkalarni hisoblash qoidalariga oydinlik kiritilmagan.  Natijada oldindan taxmin qilish yoki barqaror soliqqa tortish imkonini bermaydi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi / Foto: KUN.UZ

Shu bilan birga, Shatalov yangi Soliq kodeksi 2019 yil 1 yanvarga qadar ishlab chiqilishi va qabul qilinishi kutilayotganiga e'tibor qaratib, buning juda kam muddat qolgani, shu muddatga ulgurish uchun harakat qilinsa, jiddiy kamchilik va nuqsonlar bilan qabul qilinishi ehtimoli bo‘lishini ta'kidladi. 

Sergey Shatalovga ko‘ra, yangi kodeksni qabul qilish jarayonida moliyaviy bozorlar, transfert narx shakllanishi, nazorat qilinuvchi xorijiy kompaniya, nozik sarmoyalash, elektron tijorat kabi yaqin kelajakda jiddiy o‘sishi kutilayotgan jihatlarni hozirdanoq izohlab ketish kerak bo‘ladi. “Kostyumni o‘lcham kattalashishini hisobga olgan holda tikish maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, -dedi Sergey Shatalov. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi / Foto: KUN.UZ
Top