23:09 / 03.10.2018
12215
Fotoreportaj: Toshkentda "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro ko‘rgazmasiga start berildi

Bugun, 3 oktabr kuni "O‘zekspomarkaz"da "Ipak yo‘lida turizm" nomli XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasiga start berildi.

"Ipak yo‘lida turizm 2018" Toshkent xalqaro turistik yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi. U BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti qoshidagi Yevropa mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kristofer Imbsenga O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlik va Toshkent xalqaro turistik yarmarkasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Aziz Abduhakimov "Ipak yo‘lida turizm" yarmarkasi butun dunyo turizm sohasi vakillari sa'y-harakatlarini birlashtiruvchi Markaziy Osiyodagi eng yirik maydon hisoblanishini ta'kidladi. Shuningdek Bosh vazir o‘rinbosari turizm O‘zbekistonda yetakchi sohalardan biri sifatida belgilangani va bu kabi strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga katta e'tibor qaratilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, professionallarning bunday konstruktiv uchrashuvlari mamlakatlarimizdagi turistik sohaning jadal rivojlanishiga turtki beradi.

"Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi mahalliy turizm sanoatining tezkor rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi", - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, Hukumat murojaatida xorijiy ishbilarmonlar uchun turizm jozibasini oshib borayotganini aytilib, AQSh, Xitoy, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Singapur va Turkiya kabi mamlakatlarining investitsion kompaniyalari O‘zbekistonda turli infratuzilmaviy turistik obektlarni yaratishga doir qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga qiziqish bildirayotganini ta'kidladi.

Tadbirning doimiy ravishda o‘tkazilishi va unda xorijiy hamkorlar va mehmonlarning ishtiroki uning xalqaro turizm rivojida qanchalik muhim ekanini tasdiqlaydi.

"Ipak yo‘lida turizm" xalqaro ko‘rgazmasi ikki - Milliy va Xalqaro pavilonlarda o‘tkazilmoqda.

Milliy pavilonda O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi taqdimot stendlarini ko‘rish mumkin. Ularda har bir hududning milliy madaniyati va turistik salohiyati namoyish etilmoqda.

Xalqaro pavilonda esa xalqaro aviakompaniyalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, ko‘rgazmada O‘zbekistondagi barcha turizm turlari salohiyati bilan tanishish imkoni mavjud, ayniqsa, turizmning yangi turlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston turistik bozori qiziqarli va xilma- xil mahsulotlarga boy. XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi O‘zbekiston hamda butun Markaziy Osiyo turizm sanoatining yorqin va keng ko‘lamli hodisasidir.

Xalqaro turizm ko‘rgazmasi 1995 yildan buyon BMT butunjahon turistik tashkiloti (BMTBTT) qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazib kelinadi.

Har yili dunyoning turli burchaklaridan turistik biznes professionallari ushbu ko‘rgazmada yig‘ilishadi.

Tadbirdan maqsad - tajriba almashish, Ipak yo‘li madaniy-tarixiy merosini targ‘ib qilish va rivojlantirish, hamkorlik rejalari muhokamasi uchun uchun xalqaro platforma yaratish.

Tadbirning bosh tashkilotchilari - O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va "Milliy PR-markaz".

Ta'kidlash joizki, 3 oktabr kuni "O‘zekspomarkaz"da o‘z ishini boshlagan XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi 5 oktabrga qadar davom etadi.

Top