8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

15:51 / 04.10.2018 13644

Xasta yurak darmonga muhtoj: 14 yashar qiz zudlik bilan operatsiya qilinishi zarur 

- Yoshim 14da. To‘g‘risini aytsam, menga yopishgan dard nechog‘li og‘ir ekanligini his qilmayman. Gohida qattiq og‘riqlar bo‘ladi, ammo ularga ko‘nikib qolganman. Meni qiynaydigan boshqa narsa bor – ota-onamning nigohi. Ularning ko‘zlaridagi o‘kinch va ma'yuslikni ko‘rib, juda qiynalaman... Hech bir kun yo‘qki, turli yomon o‘y-xayollar miyamga qora quyundek yopirilmagan bo‘lsa. Ota-onam uchun esa bu azoblar ming karra ziyod...

Bu Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani, Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Durdona Kenjayevaning dil so‘zlari. KUN.UZ ijodiy jamoasi murojaatga ko‘ra, Dilshod akaning xonadoniga tashrif buyurar ekan, u yerdagi og‘ir muhit kishi yuragini ezgulik darajada edi. Buni to‘g‘ri tushundik, chunki otaning to‘ng‘ich farzandi – qizi og‘ir dardga chalingan.

Gap shundaki, Durdona yurak porogi bilan dunyoga kelgan. Shu sababdanmi, to bugunga qadar faol jismoniy harakat qila olmaydi. Tez charchab qoladi, ora-orada ishtahasi yo‘qolib, o‘zini lohas his etadi. Bugun tibbiyot rivojlangan, ko‘p dardlar O‘zbekistonning o‘zida ham davolanilyapti. Durdonaning yuragida operatsiya o‘tkazish lozim. Buning uchun esa 18 million so‘m mablag‘ talab etiladi.  

- Oilaning yolg‘iz boquvchisi o‘zimman. Mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanaman. Xudoga shukur, ro‘zg‘orim o‘tib turibdi. Ammo qizimni davolatish uchun zarur mablag‘ topolmayapman. Ro‘zg‘orimdan orttira olmayapman, - deydi qizning otasi biz bilan suhbatda. – Qizimning esa kundan kun salomatligi yomonlashib bormoqda. Uning tezroq tuzalishini, tengdoshlari qatori sog‘lom hayotda ulg‘ayishini istayman. Shifokorlarning aytishiga qaraganda, hozir ayni vaqti. Bo‘lmasa kech bo‘lar ekan. Tursam ham, o‘tirsam ham dard-u xayolim qizimning shifo topishida. Qarshi shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga order masalasida borib uchrashdim. Pardayev degan shifokor 6 oktabr kuni kelishimni, shu kuni biror yangilik bo‘lishini aytdi. Hamma umidim Xudodan... 

Biz otaning ichidan nimalar o‘tayotganini tushunishga ojizlik qilamiz. Ammo uning gaplarida samimiylik bor. Tengdoshlaridan farqli ravishda to‘shakka mixlanib qolgan qiz esa otasining hasrat to‘la so‘zlarini jim tinglaydi. Aslida, bu xonadonga borib qolganimiz ham Allohning bir mo‘'jizasi sabab sodir bo‘ldi. Yo‘l boshlagan hamrohimiz yanglishib, bizni mana shu manzilga olib kelgan ekan. Mana shu tasodif sabab bu oila bilan tanishishga va ularning dardini eshitishga muyassar bo‘ldik. 

Yaratganning hikmatini qarang. U sizu bizni mana shu qizga yordam berishimizni istagani kundek ravshan. Savob umidida bo‘lgan azizlar, Durdonaning shifo topishida o‘z hissamizni qo‘shaylik. Bir-birimizga yaxshilik qilishda saxiy bo‘laylik.

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Click/PayMe: 8600 0423 5382 0920 (“Agrobank”Otasi Kenjayev Dilshod)

Telefon: +99899 344-63-77

Sarvar Rahimov tayyorladi

Teglar

Top