03:27 / 04.10.2018
11242

"Mazali" fotoreportaj: "Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmasiga gastronomik sayohat

Buyuk Ipak yo‘lining karvon yo‘llari kesishmasida joylashgan O‘zbekiston qadimiy yodgorliklari bilan bir qatorda o‘zining mazali milliy taomlari va meva-sabzavotlari bilan ham mashhur. 

"Ipak yo‘lida turizm" XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida "O‘zekspomarkaz"da "Ipak yo‘li ta'mi" nomi ostida milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tmoqda (3-5 oktabr). KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Mavzuiy maydonlarda O‘zbekiston hududlarining bir-biridan mazali va ajoyib taomlarini tatib ko‘rib, ularga baho berilmoqda. Festival doirasida mamlakatning taniqli oshpazlari mahorat darslarini o‘tishmoqda. 

Ochiq maydonda o‘zbek oshxonasining ramzi hisoblangan palovni ko‘rish mumkin. O‘zbek palovi respublika viloyatlari bo‘yicha farqlanadi. 

Katta to‘y-tantanalarda palovni odatda erkaklar tayyorlaydi. O‘zbek palovini tayyorlashning ko‘plab retseptlari tarqalgan, hatto butun bir kitoblar ham unga bag‘ishlangan. 

Ko‘rgazmada shuningdek "Sharq bozori" ekspozitsiyasi ishtirokchilarining rastalari ish boshladi. 

O‘zbekistonning meva va sabzavotlari dunyoga mashhur ekani hech kimga sir emas. Yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar ham buni qayta-qayta ta'kidlashadi. 

Gastronomik turizm haqida so‘z ketganda o‘zbekning nonini tilga olmay iloj yo‘q, u ham palov kabi turli hududlarda turlicha tayyorlanadi. Sayyohlar o‘zbek nonini doim alohida e'tirof etishadi.

Mashhur alloma, tabib Abu Ali ibn Sino asal haqida shunday degan: "Asal qalbni mustahkamlaydi, tetiklik bag‘ishlaydi, yoshlikni saqlab qoladi, xotirani tiklaydi, aqlni charxlaydi". Ming yillar avval Ibn Sino kasalliklarni asal yordamida davolagan. 

Shirinlikni yaxshi ko‘ruvchilar uchun ko‘rgazmada O‘zbekistonning milliy ramzlari tushirilgan turli xil shokoladlar taqdim etildi. 

Top