8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

11:27 / 06.10.2018 17587

Kim biznesni tekshirishi mumkin?

Foto: 123RF

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik sub'yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi taqdim etilgan.
 
Hujjatni ishlab chiqish prezidentning 27.07.2018 yildagi «Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5490-son farmonida nazarda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, hujjat bilan tadbirkorlik sub'yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish tizimi va tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilgan, deb yozadi Norma.
 
Har bir nazorat qiluvchi organ attestatsiyadan o‘tkaziladigan xodimlar soni, ularga qo‘yiladigan kasbiy talablar, shuningdek attestatsiyadan o‘tkazish davriyligini (3 yilda kamida 1 marta) mustaqil ravishda belgilaydi.
 
Buning uchun idora rahbari biznesni tekshirish majburiyatiga ega bo‘lmagan 5 nafar xodimdan iborat doimiy faoliyat yurituvchi attestatsiya komissiyasini tashkil etadi. Komissiya raisi – organ rahbari, kadrlar bilan ishlovchi bo‘linma esa ishchi organ hisoblanadi. Uning tarkibiga prokuratura organlari, tadbirkorlik sub'yektlari va SSP vakillari albatta kiritiladi. Muassasaning mintaqaviy bo‘linmalarida hududiy yoki mintaqalararo attestatsiya komissiyalari tashkil etilishi mumkin.
 
Attestatsiyadan o‘tkaziladiganlar ro‘yxatiga tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan, ruxsatnomasining muddati o‘tgan yoki bir oydan keyin tugaydigan barcha xodimlar, shuningdek ilk bor bunday huquqni olishi taklif etilayotgan xodimlar kiritiladi. Har bir mutaxassis haqida xizmat xarakteristikasi, ma'lumoti, ish staji va malaka oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatlar nusxalari ilova qilingan ma'lumotnoma-obektivka taqdim etiladi.    
 
Xodimning o‘zi kamida 2 hafta oldin bo‘lajak attestatsiya haqida tilxat olib xabardor qilinadi. Attestatsiya yuzma-yuz suhbat o‘tkazish shaklida o‘tkaziladi. Savollar tekshiruvlar sohasi, «xavfni tahlil etish» tizimiga doir normativ-huquqiy hujjatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Vaziyatga oid vazifalar – kazuslar berilishi mumkin. Elektron moslamalar, ma'lumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotlar, qandaydir yozuvlardan foydalanish taqiqlanadi. Komissiya yig‘ilishiga begona kishilar kirishi man etiladi. Jarayon audio va video orqali qayd etiladi. 
 
Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan har bir xodim bo‘yicha oddiy ko‘pchilik ovoz bilan ochiq ovoz berish yo‘li orqali, xizmat xarakteristikasi va berilgan savollarga javoblar inobatga olingan holda qaror qabul qilinadi. Attestatsiyadan o‘tgan xodimga keyingi attestatsiyadan o‘tkazish muddatigacha tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma beriladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

 

Top