01:39 / 09.10.2018
16213

BMT global isish oqibatlaridan ogohlantirdi

Dunyo davlatlari global isish tufayli falokatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun “jamiyatning barcha jabhalarida tezkor, uzoqni ko‘zlovchi va misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni” amalga oshirishlari lozim. Bunday fikr BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo mutaxassislari guruhi dokladida bildirilgan.

Dokladda ta'kidlanishicha, 2030 yilga kelib sayyoramizdagi harorat sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan 1,5 daraja oshadi, bu esa global qurg‘oqchilik, yong‘inlar va oziq-ovqat yetishmasligi yuzaga kelishi xavfini oshiradi. Shuningdek, global isish oqibatida dengiz muzliklari erib, dengiz sathi ko‘tarilishi, bu esa toshqinlarga olib kelishi mumkin.  

Harorat oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2030 yilgacha is gazining atrof-muhitga chiqishi 45 foizga kamayib, 2050 yilgacha 0 foizga yetishi kerak.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017 yilda davlatlar tabiiy ofatlar oqibatida umumiy hisobda 320 mlrd dollar ziyon ko‘rganini ma'lum qilgan. U jahon hamjamiyati yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlariga munosabat bildirishga ulgura olmayotganini ta'kidlab o‘tgan.  

2015 yilda 197 ta davlat Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini imzolagan. Unga ko‘ra, davlatlar 2100 yilgacha o‘rtacha haroratning sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan 2 daraja ko‘proqqa ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib olishgan.

Mavzuga oid
Top