14:27 / 09.10.2018
5471
Paraosiyo o‘yinlari. Dzyudoda yana 4 ta medal qo‘lga kiritildi

Paraosiyo o‘yinlarida bugun dzyudo bo‘yicha musobaqalar davom ettirildi. Unda O‘zbekistonning 4 vakili medallar uchun kurash olib bordi va ularning barchasi shohsupaga ko‘tarilishning uddasidan chiqdi.

-73 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Feruz Saidov janubiy koreyalik Seungjun Yang bilan bo‘lgan bahsda jarohat oldi va kumush medal bilan kifoyalandi. -81 kg vazn toifasi vakili Nurbek Mirzayev ham oltin medal uchun kechgan bahsda janubiy koreyalik raqibga duch keldi. Nurbek Yungmin Li bilan bahsda g‘olib chiqib, chempionga aylandi.

Feruz Saidov - kumush medal sohibi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti 
Nurbek Mirzayev - oltin medal sohibi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda -57 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Nafisa Sheripboyeva hal qiluvchi jangda xitoylik Lin Jilianga mag‘lub bo‘ldi va delegatsiya hisobiga navbatdagi kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. -63 kg vaznda gilamga chiqqan Parvina Samandarova bronza medaliga ega chiqdi.

Nafisa Sheripboyeva - kumush medal sohibasi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
Parvina Samandarova - bronza medal sohibasi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Shu tariqa, 9 oktabrda O‘zbekiston vakillari hozircha 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Umumiy hisobda medallar soni 25 taga yetdi, shundan 15 tasi oltin.

Eslatib o‘tamiz, dzyudo bo‘yicha kechagi musobaqalarda ham gilamga chiqqan 4 nafar o‘zbekistonlik sportchilarning barchasi shohsupaga ko‘tarilgan edi. Sherzod Namozov (-60kg) va O‘tkir Nig‘matov (-66kg) oltin, Lobar Hurramova (-48kg) kumush va Sevinch Sallayeva (-52kg) bronza medallarini qo‘lga kiritishgan.

Mavzu
Paraosiyo o‘yinlari
2018 yilning 8-16 oktabr kunlari Indoneziyada III Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
Barchasi
Top