23:46 / 10.10.2018
13493

Yil yakunlari bo‘yicha kutilayotgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2018 yil 10 oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi va iqtisodiy idoralar rahbarlari ishtirokida mamlakatni joriy yil to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish holati va yil yakunlari bo‘yicha kutilayotgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot xizmati shu haqida xabar berdi

Moliyaviy bozorning rivojlanishi iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy omili hisoblanadi.

Shu bois mamlakatimizda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentning 2017 yil 2 sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni amalda bo‘lgan valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik sub'yektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishning mutlaqo yangi tizimiga asos bo‘ldi.

Mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, investitsiya salohiyatining yuksalishiga, pirovardida, iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi – iqtisodiyotda likvidlilik darajasi oshishiga hamda bo‘sh pul mablag‘larining muhim investitsiya va infratuzilma loyihalariga jalb etilishini taqozo qiladi.

O‘z navbatida, kapital bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, banklar va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim loyihalarga jalb qilish ham yaxshi samara beradi. Bu borada yangi islohotlarni amalga oshirish davlat byudjyeti xarajatlarini bir maromda moliyalashtirish uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining joylardagi ijrosi bo‘yicha mutasaddi rahbarlar hisoboti eshitildi.

Davlat rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatda kapital bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish, shuningdek, joriy yilni muvaffaqiyatli yakunlash va barcha prognoz qilingan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishni ta'minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid
Top