23:00 / 10.10.2018
84575

«Provokatsiyalarga birgalikda javob qaytaramiz». Putin Nurmagomedovlar bilan uchrashdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ulyanovskda «Rossiya — sportivnaya derjava» forumi doirasida UFC jangchisi Xabib Nurmagomedov hamda uning otasi Abdulmannop Nurmagomedov bilan uchrashdi.

Putin Xabibni va uning otasini irlandiyalik Konor Makgregor ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklagan.

Rossiya prezidenti Xabib Nurmagomedov «asosiy vazifani bajargani», buni «ishonchli va munosib» tarzda uddalaganini aytib, sportchining otasidan o‘g‘lini jangdan keyin mushtlashuv keltirib chiqargani uchun qattiq jazolamaslikni so‘ragan. Bu orqali u Abdulmannop Nurmagomedov Las-Vegasdagi jangdan keyin janjal keltirib chiqargan o‘g‘lini jazolamoqchiligini aytganiga ishora qilgan.

Nurmagomedov Putin bilan suhbatda UFC bo‘yicha raqiblari «nafaqat sakrashini, balki, jangini ham qadrlashlari»ga umid qilishini bildirgan. Xabib ba'zi lahzalarda o‘zini nazorat qila olmay qolgani, bunga jang vaqtida unga qarshi bir necha marta provokatsiya qilingani sabab bo‘lganini aytib o‘tgan. 

Rossiya prezidenti bu qasddan qilingani haqida gapirgan.

«Ular ataylab shunday qilishgan, bundan maqsad seni izdan chiqarish va ustunlikni qo‘lga kiritish bo‘lgan. Ammo mamlakat ichkarisida haddan oshmaslik, sakrashlardan saqlanish kerak. Biz — katta oilamiz. Oilada har narsa bo‘lishi mumkin, ammo tashqaridan hujum bo‘lsa, faqat sen emas, biz barchamiz shunday sakray olamiz, biz ham past ketmaymiz va ko‘rsatib qo‘yamiz», degan Putin.

Shu bilan birgalikda, Putin ikki sportchi yarashib olishiga umid bildirgan.

«Men sport qadriyatlari hammasidan – maosh va reklamadan ustun bo‘lishiga umid bildiraman. Sizlar sportchilarga xos do‘stlik va muloqot uchun yo‘l topasizlar deb umid qilaman», - degan Rossiya prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni Las-Vegasdagi UFC 229 turnirida yengil vazndagi chempion Xabib Nurmagomedov ikki yo‘nalish bo‘yicha sobiq chempion bo‘lmish Konor Makgregorga qarshi himoya jangi o‘tkazdi va to‘rtinchi raundda raqibni bo‘g‘ish usulida ushlab, g‘alaba qozondi. Jang tugagach, Xabib Nurmagomedov oktagondan tashqariga chiqib, raqibi tarafdorlari bilan janjallashdi. Bu vaqtda esa Xabibning tarafdorlari oktagon ichiga kirib, Konorga hujum uyushtirdi. Vaziyatga politsiya aralashib, janjalni bartaraf etdi.

Sport qoidalarini buzgani uchun Xabib Nurmagomedovning 2 million dollarlik gonorari muzlatib qo‘yildi. Shuningdek, u jarima to‘lashi, uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi va sovrindan mahrum qilinishi mumkin.

Mavzu
Nurmagomedov va Makgregor mojarosi
Xabib Nurmagomedov himoya jangida Konor Makgregorni bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etdi. Ammo jang tugashi bilan oktagon tashqarisida va oktagon ichida janjal yuzaga keldi.
Barchasi
Top