8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

11:40 / 10.10.2018 59969

Hurfikrlikni bo‘g‘ishning oqibatlari yoxud Amerikani kimlar Amerika qilgan?

Har bir jamiyatda turfa toifalar mavjud. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli — Yaratgan Zot hammani turlicha yaratgan. Dunyo — rang-barang. Mazkur maqola doirasida biz ikki toifa to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Birinchi toifa

Bir toifa kishilar bor — ular jamiyatning aksar qismini tashkil qiladi — jamiyatda yuz berayotgan jarayonlar bilan unchalik ishlari bo‘lmaydi. Qulay ish joyi, yaxshi maosh, ko‘p tergamaydigan rahbar, hovli-joy, bola-chaqa tashvishlari — mazkur toifaning urinishlari, intilishlari va qiziqishlari doirasini tashkil etadi. O‘zlari yashayotgan jamiyatning hayoti, muammolari, mazkur jamiyatning binosi qanday qurilgani, uni isloh qilish masalalari — bular haqida bu toifa kishilar o‘zlarini, aql va qalblarini ko‘p urintirmaydilar. Bunday kishilar nazdida, mazkur «ulkan» masalalarning tashvishini iqtidori benihoya ulkan bo‘lgan, «yuqorida turgan» «kimlardir» qilishlari lozim va albatta, ularning nazdida, bu «ulkan kishilar» buni oliy maqomda qilyaptilar ham. O‘zlarini esa atrof-voqelikda bo‘layotgan ishlar uchun mas'ul deb bilmaydilar.

Tabiiyki, mazkur dunyoqarash bu toifaning jamiyatda tutgan o‘rnini va umuman yaratuvchanlik iqtidorini muvofiq ravishda belgilaydi — jamiyatda yuz beradigan hech bir islohot ularning faol ishtiroki bilan ko‘p ham ozuqalanmaydi. Aksincha, islohot ehtiyoji o‘zi aynan shu toifaning befarqligidan paydo bo‘ladi, chunki, ma'lumki, befarqlik muammolarning kelib chiqish sababidir.

Ustiga-ustak, qiziqishlari ayricha bo‘lgani boisidan, bu toifa kishilar kun tartibida turgan islohotlar mohiyatini ko‘pincha ilg‘amaydilar ham, ba'zida esa o‘ziga xos tarzda — buzib, o‘zlariga moslab ta'vil qiladilar.

Ikinchi toifa

Shu bilan birga, har bir jamiyatda ozchilikni tashkil etadigan boshqa bir toifa bo‘ladi.

Bu toifa birinchi toifadan farqli ravishda, oddiy tirikchilik tashvishlari bilan cheklana olmaydi — buni ularning tabiati ko‘tarmaydi. Lo‘nda qilib ta'riflasak, bu kishilar yangi fikr va g‘oyalar generatoridir. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon mazkur noyob toifa tamaddunni oldinga siljitib kelgan. Barcha ixtirolar, yangi fikriy yo‘nalishlar, ilm-fan rivoji, bir so‘z bilan aytganda novatsiyalar shu guruhning «tinch o‘tirish»ni istamasligi evazigadir.

Jamiyat ichida bo‘layotgan jarayonlar, o‘zi yashab turgan shahri muammolaridan tortib dunyoda bo‘layotgan hodisotlar — bular haqida bu kishilar rostakamiga jon kuydirishadi va har qanday islohotlarda bevosita ishtirok etishga urinishadi.

Ammo bu yerda bir «ammo» bor!

Ammo...

Mazkur toifa o‘ta mo‘rt bo‘ladi. Bu xildagi insonlar faqat va faqat hurfikrlik, kengfikrlik, oshkoralik sharoitidagina o‘zlarini yaxshi his qilishadi. Fikr cheklanadigan muhitda esa ichki iqtidorlari ro‘yobga chiqmagani sababidan o‘zlarini yomon his qilishadi. Tor doiradagi tashvishu qiziqishlar bilan umr kechirishga rozi bo‘lmagani bois ular bunday sharoitda yo ma'nan «so‘nib» qolishadi va yoki boshqa, fikr cheklanmaydigan joylarga ketib qolishadi.

Amerika fenomeni

Tarix. O‘rta asrlarda Yevropada holat o‘ziga xos edi. Dunyoqarashi turli xurofotlar bilan, katolik cherkovining totalitar tartiblari bilan sug‘orilgan o‘sha paytdagi Yevropa muhiti erksevar kishilar uchun yomon edi. Va yangi qit'a — Amerikaning kashf etilishi bu toifa uchun go‘yo yangi hayotga ochilgan daricha, yangi imkoniyatlar mayog‘i bo‘ldi. Ko‘hna Yevropaga sig‘may qolgan turfa toifalar — avantyuristlardan tortib o‘zgacha hayot va imkon shaydolari bo‘lgan kishilar bir necha asr davomida okeanortiga ko‘chib o‘tishdi va uni ishg‘ol etishdi.

Qarangki, ajib tarixiy fenomenning — totalitar, zug‘um muhitidan norozi bo‘lib, undan qochib chiqqanlarning iqtidori ila dunyodagi eng qudratli davlat — AQSh vujudga keldi.

Yo‘q, biz bu jarayonni ideallashtirishdan yiroqmiz, genotsid — mahalliy hindularning daryo bo‘lib oqqan qoni va boshqa voqealar odamlarning yodidan chiqmaydi. Shu bilan birgalikda, aynan yangilikka, hurriyatga intiluvchi toifa barpo etgan davlat pirovardida boshqalardan o‘zib ketganiga guvohmiz.

«Amerika orzusi»

O‘z vaqtida «Amerika orzusi» tushunchasi paydo bo‘ldi va dunyoning barcha chekkalariga yoyildi. Bu go‘yo bir chaqiriq edi. «Dunyoda bir joy bor, u yerda imkoniyatlaringiz ro‘yobga chiqadi, orzularingiz ushaladi, chunki u yerda erkin bo‘lasiz!» — degan chaqiriq edi bu. Bu shunchaki quruq va'da bo‘lmagani, bunday joy amalda ham mavjud bo‘lgani bois dunyoning turli chekkalaridan ko‘plab kishilar, tabiatida erksevarlik bo‘lgan insonlar Amerikaga yo‘l olishardi. Bunday «erkinlik istovchilar migratsiyasi» alal-oqibat Shimoliy Amerikada iqtidorlarni ro‘yobga chiqarish uchun qulay bir muhitni yuzaga keltirdi.

XX asrga kelib bu jarayon yangicha sifat oldi. AQShda yuzaga kelgan erkin muhit, mulkiy huquqning sobitligi, ilm-fan, san'at va boshqa soha namoyondalari uchun mamlakatda erkin faoliyat yuritish imkoniyati ko‘plab iste'dod egalari AQShga ko‘chib o‘tishiga sabab bo‘ldi. Bu ham AQShning salohiyatini oshirdi, zero, bu mamlakat ko‘plab iste'dod egalarini o‘ziga yig‘ib olgandi.

Berluskoni yutib chiqdi

Bir necha yil avval Italiyaning o‘sha paytdagi rahbari Silvio Berluskoni va Rossiya Federatsiyasining o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida Medvedev mamlakatning yerosti boyliklari boshqa mamlakatlarning u bilan hisoblashishlarini taqozo etayotganini e'tirof etdi. Bunga javoban Italiya bosh vaziri tabassum ila shunday dedi: «Italiyada tabiiy boyliklar deyarli yo‘q, ammo 5 million kreativ (ijodiy) fikrlaydigan tadbirkorlar bor va bu bizning boyligimiz».

Chindanam u tilga olgan boylik Italiya va boshqa bu kabi davlatlarning haqiqiy boyligi bo‘lib, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hamda u yerdagi aholi hayot darajasi bunga yaqqol dalildir. Eng muhimi — bu boylik bir kun kelib tugaydigan neft va gaz ko‘rinishida emas, balki tirik, ijodkor, hur insonlar ko‘rinishida. Berluskoni haq edi o‘shanda.

Mulohaza va xulosalar

Hurfikrlik bo‘g‘ilgan joyda o‘sha — yangi g‘oyalar generatori bo‘lgan, sivilizatsiyani oldinga siljitib kelayotgan, atrofga befarq bo‘lmagan toifa o‘zini yomon his qiladi. Bunday sharoitda bu kishilar iqtidori ro‘yobga chiqmagani bois boshqa joylarga ketish chorasini izlaydi.

Ochig‘ini aytganda, aynan shu «irratsional» qatlam o‘zini yaxshi his qilgan joyda o‘sha joy, o‘sha mamlakat rivojlanishi, obod bo‘lishi ehtimoli nihoyatda yuqorilaydi. Aksincha bo‘lsa — aksincha.

Hurfikrlik, oshkoralik, yaxshi huquqiy muhit — qonunlar oldida barchaning barobarligi, mustaqil sud tizimi, g‘oyalar tatbiqi taqdirini kabinetlarda o‘tirib kun kechiradiganlarning irodasi emas, balki g‘oyaning obektiv samarasi hal qiladigan muhit va boshqa shunga o‘xshash «asbob»larning mavjudligi kreativ, ijodkor, jonkuyar qatlamning potensiali yuzaga chiqishi uchun zaruriy omildir.

Bu omillarsiz jamiyatining, millatning chinakam do‘sti bo‘lmish bu qatlam o‘z ona millatiga foyda keltirolmaydi, foydani o‘zga jamiyatlar — omillarni yaratib qo‘yib iste'dodlilarni o‘ziga chorlaydiganlar ko‘radi. Vatanda esa iste'dodlar quyi saviyadagi toifa qo‘lida — huquqsizlik muhitida choychaqa topish dardida yurgan turfa mansabdorlar tomonidan oyoqosti qilinadi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Ko‘rinib turibdiki, islohotlarning muvaffaqiyati mamlakatda hurfikrlik, oshkoralik, haq-huquqlar ustuvorligi, o‘zaro hurmat va e'zoz muhiti yuzaga kelishiga bog‘liq ekan. Zero aynan shunday muhitda faol, ijodkor, jonkuyar toifaning bor iqtidori ro‘yobga chiqishi, iste'dodlar shu zaminga «yopishishi» va barcha bundan foyda ko‘rishi, farovonlikka erishgan yurtlarga nuqul havas bilan qarab o‘tirmasligimiz mumkin bo‘ladi.

Ustuvor maqsad — prioritetlarimizni belgilab olish vaqti kelgan.

Shokir Sharipov

Top