10:59 / 12.10.2018
17546

«Dinamo» klubi bilan uchrashuvida Erkinjon Turdimovdan klub rahbariyatini o‘zgartirish so‘raldi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov «Dinamo» professional futbol klubi rahbariyati va futbolchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda «Dinamo» klubining bugungi natijalari tahlil qilindi. Jumladan, klubni moliyalashtirish manbalari, futbolchilarga to‘lanayotgan maoshlar va mukofot pullarining o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish, klub boshqaruvini samarali tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

«Raqobatbardosh futbol jamoasi barpo etish uchun katta pul kerak bo‘ladi. Ammo biz mahalliy iste'dodlardan iborat jamoani tuza olsak, pul ham iqtisod bo‘ladi, jamoa ham chiroyli o‘yin ko‘rsatadi. Lekin viloyat hokimi va viloyat futbol federatsiyasining rahbari sifatida ta'kidlashim kerakki, bugungi jamoa milliardlab pulni sarflab, 9ta jamoa ichida 5-o‘rinda borayotgani, yana 300-400 millionlab qarzi bo‘lishi biz samarqandliklarni qanoatlantirmaydi», — deya Erkinjon Turdimovning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

«Namuna sifatida viloyatning ikkinchi jamoasi — «Sherdor» futbol klubini ko‘rsatishim mumkin. Biz bu futbol klubiga mukofot sifatida 500 million so‘m beramiz. Chunki bu jamoada maosh olmasdan mahalliy futbolchilar shijoat bilan futbol o‘ynashmoqda, kurashmoqda. Bu jamoada fidoiylik ufurib turibdi», — dedi viloyat hokimi.

«Dinamo» klubining tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Birinchidan, shunday jamoa boshlig‘i bizga kerakmi, futbolni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik fondining shunday rahbari kerakmi, bizga viloyat futbol federatsiyasining shunday vitse-prezidenti kerakmi? Shuning uchun bularning barchasini o‘rganib, xulosasini beruvchi maxsus komissiya tuziladi», degan Turdimov.

«Dinamo» jamoasining kelgusi yil Superligaga chiqarish uchun qanday yo‘nalishda ish olib borishimiz kerak? Tuziladigan ishchi guruhga fan-klubdan ham a'zo olish kerak, bunday ishchi guruh futbolni tushunadigan odamlardan iborat bo‘lishi kerak. Klubning aniq smetasi ishlab chiqilishi lozim.

Futbol klubi jamoa boshlig‘i Ilhom Sharipov ham klub smetasining tuzilishi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

«Dinamo» bosh murabbiyi Davron Fayziyev so‘zga chiqib, jamoani shug‘ullantirish uchun shaharda yetarli imkoniyatlar yo‘qligi, futbol o‘ynash va mashg‘ulotlar olib borish uchun faqat «Dinamo» stadionining chimi yaroqli ekani haqida gapirdi. Klubning safar o‘yinlariga borib kelishi uchun eskirgan avtobusdan foydalanilayotgani aytildi.

«Dinamo» klubidan bir umr minnatdorman, futbolchi sifatida yuksalishimda ham bu klubning hayotimda tutgan o‘rni beqiyos. Meni mashhur qilgan klubni men ham mashhur qilishni o‘ylab bu yerga kelganman», — dedi Davron Fayziyev.

Dinamo fan klubi a'zolari ham so‘zga chiqib, klubni rivojlantirish uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida o‘z fikrlarini viloyat hokimiga bildirishdi. Jumladan, fanatlardan biri klub rahbariyatini to‘liq o‘zgartirish kerakligini ta'kidladi.

Klub matbuot kotibi Usmon Ibodov klubda marketing va menejmentni rivojlantirib pul topish, jumladan, chiptalar sotuvidan tushadigan summani klub ehtiyoji uchun sarflash, shuningdek, klub atributikalari savdosini tashkil etish orqali qo‘shimcha daromad topish masalalariga ham e'tibor qaratilishi lozimligini aytib o‘tdi.

Klub sardori Ilhom Yunusov uchrashuv uchun klub futbolchilari nomidan minnatdorchilik bildirib, «futbolchi bo‘lganimdan buyon viloyat hokimi kelib futbolchilar bilan uchrashayotganiga birinchi marta guvoh bo‘layapman», deb ta'kidladi.

«Sherdor» futbol klubi bosh murabbiyi Baxtiyor Sattorov Gulobod qo‘rg‘onidagi tashlandiq o‘yingohlardan birida mahalliy yoshlar va «Sherdor» futbol klubi foydalanishi uchun sun'iy qoplamali maydon qurilishida viloyat hokimidan amaliy yordam so‘radi.

Uchrashuvda jumladan «Dinamo» futbol klubining rasmiy o‘yinlarini o‘tkazishi uchun shahardagi stadionlardan qay birini tanlash, klub qarorgohi, mashg‘ulotlar bazasini zamonaviy qilib ta'mirlash masalalari ham muhokama etildi. Klubga moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Futbolchilarning oylik va mukofotlari uzilishsiz to‘lanishi belgilandi.

Uchrashuv so‘ngida viloyat hokimiga «Dinamo» futbol klubining futbolkasi esdalik uchun topshirildi.

Erkinjon Turdimov xorijlik mehmonlar bilan uchrashuvi borligini aytib, tushdan keyin albatta yana klub bilan tanishishda davom etishini bildirib o‘tdi.

Bizga keyinroq ma'lum bo‘lishicha, shu kuni «Dinamo» futbol klubiga yangi, eng zamonaviy avtobus ajratish masalasi hal etilgan. Shuningdek, klub futbolchilari istiqomat qiluvchi qarorgohiga hamda mashg‘ulotlar bazasi masalalarida taklif etilgan joylarga viloyat hokimining shaxsan o‘zi borgan va ahvol bilan tanishgan. Ularning ichida eng qulayini tanlash borasida mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalar berilgan.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda Pro-ligada (Quyi liga) ishtirok etayotgan «Dinamo» «A» guruhida 26 turdan keyin 37 ochko to‘plagan holda beshinchi o‘rinda bormoqda. Samarqandliklar jamoasi «Andijon» (48), «Mash'al» (48), «Istiqlol» (48) va «Surxon» (44) jamoalaridan ortda qolgan.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Top