15:23 / 15.10.2018
36836

Toyloq tumani hokimi uy «sohibasi» bo‘lgan erkaklarni tanqid qildi

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand viloyatining Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarov «Qushchinor» gazetasi orqali tuman aholisiga murojaat qildi.

«Bugun xotin-qizlarning xorijda ishlashi degan balo boshimizga soya solyaptiki, uning ortidan qancha-qancha muammolar, dilxiraliklar kelib chiqmoqda. Ba'zi oriyatsiz erkaklar ayollarini chetga ishlashga jo‘natib, o‘zlari uy «sohibasi» bo‘lib o‘tirishibdi. Tog‘ni ursa talqon qilgulik kuchga ega notavonlar xotini yuboradigan pulga ko‘z tikib o‘tirishibdi. Ayting, ularning oilasi oldidagi burchi, or-nomusi, g‘ururi qayerda qoldi?! Nahotki, bunday tubanlik bizga yarashsa?!  Chet elda yashab, ishlab yurgan opa-singillarimiz, u yerdagi yengil-yelpi hayotga uchib, oilasidan, bolalaridan voz kechib ketish holatlarini qanday izohlaymiz? Xonadonning farishtasi bo‘lishga munosib onalarimizning beshikdagi emizikli go‘dagini tashlab, boylik izlab yurishi fojia emasmi? Buning natijasida oilaviy ajrimlar soni ortib, xonadonlar bekasiz, farzandlar qarovsiz qolmoqda», - deydi hokim.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi davomida tumanda er-xotin o‘rtasidagi ajrimlar soni 181taga yetgan. Shuningdek, hozirgi kunda 4650 nafar xotin-qizlar ishlash maqsadida ketgan bo‘lib, shundan 1851 nafari - Turkiya davlatida, 1307 nafari - Rossiya federatsiyasida, 230 nafari - Isroilda, 195 nafari - Koreyada.

«Yana bir og‘riqli muammo borki, bundan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu to‘y-ma'rakalarimizdagi ortiqcha dabdababozlikdir. Oilaviy nizolar, ajrimlar, qarindosh-urug‘, quda-andalarning yuz ko‘rmas bo‘lishiga olib kelayotgan bu illatning tomir otishiga ma'raka va marosimlarda yangicha urf-odatlarni joriy etish, ortiqcha sarpo-suruqlar qilish, ayniqsa, bo‘lajak kelinlarimiz kuyovning uyiga qimmatbaho mebel-u, jihozlar bilan borishi sabab bo‘lmayaptimi?!» - deya ta'kidlab o‘tdi tuman hokimi.

Top