11:15 / 15.10.2018
78524

Toshkent viloyati hokimiga hayfsan berildi, viloyat IIB boshlig‘i ishdan olindi

14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida bo‘lib o‘tgan selektor davomida Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Inomovich Ibragimovga hayfsan berilgan. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, viloyat rahbari 2018 yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini o‘ta sust tashkil etgani va mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun ogohlantirilgan.

Shuningdek, yig‘ilish vaqtida Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Abdumalik Abduqodirovich Allamurodov ishdan olingan. U shu yilning yanvaridan buyon viloyat IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Abdumalik Allamurodov IIV Akademiyasi bitiruvchilarini taqdirlamoqda
Foto: IIB matbuot xizmati

G‘ulomjon Ibragimov viloyat rahbari lavozimida 2017 yilning oktabrida paxta hosilini qo‘shib yozgani uchun ishdan olingan Shukrullo Boboyev o‘rnida ish boshlagandi. U 2018 yilning yanvarida Toshkent viloyati hokimi lavozimiga rasman tayinlangan.

Bundan avvalroq Shavkat Mirziyoyevning 12 oktabr kungi tashrifidan keyin Toshkent viloyatining 5 ta tumani hokimlari maoshdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.
 

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top