11:00 / 16.10.2018
11189

Arda Turan ko‘p yilga qamalishi mumkin

Foto: twitter.com/ArdaTuran

Transfer huquqi «Barselona» tegishli bo‘lgan, ayni vaqtda «Istanbul» klubi safida to‘p surayotgan turkiyalik yarimhimoyachi Arda Turan 12,5 yilga qamalishi mumkin.

L'Equipe xabariga ko‘ra, futbolchi tegajog‘lik qilish, noqonuniy qurol olib yurish va tan jarohati yetkazishda ayblanmoqda.

9 oktabr kuni futbolchi turkiyalik qo‘shiqchi Berkay Shahinni urib, burnini sindirgan edi. Mojaro Istanbulning tungi klublaridan birida yuz berdi. Turon Berkayning xotiniga gap otgan. Shundan so‘ng, tomonlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan va futbolchi xonandaning yuziga zarba bergan.

Keyinchalik, futbolchi noxush mojaro yuz berganini ijtimoiy tarmoqda tan olib, Berkaydan uzr so‘ragan edi.

Turanning uzr so‘rashi Berkayni qanoatlantirmagan. Ayni vaqtda shifoxonadan chiqqan qo‘shiqchi futbolchini sudga berishga hozirlik ko‘rmoqda.

«Turan mening xotinimni tanimasligi mumkin emas. Biz hamisha birga yuramiz, buni hamma biladi. Biz o‘z huquqlarimizni himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanamiz».

Shahinning rafiqasi ham shunday pozitsiyada. «Agar jarohat tufayli uning ovoziga nimadir bo‘lgan bo‘lsa-chi? Berkay ovozi bilan pul ishlaydi», – deya norozilik bildirgan u. O‘zlem Turan o‘ziga shilqimlik qilganini, doktor Berkayning burniga 25ta chok tikkanini tasdiqlagan.

2017 yilning yozida Turkiya terma jamoasi ustozi Fotih Terim Arda Turanni o‘zi bilan bir samolyotda uchgan jurnalistni bo‘g‘ganidan keyin terma jamoadan chetlatgandi. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Mircha Luchesku uni terma jamoaga qaytarmasligini ma'lum qilgan. Shundan so‘ng futbolchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgan.

2018 yilning martida u rafiqasi haqida so‘ragan boshqa bir turkiyalik jurnalistga uning boshini olib tashlash bilan tahdid qilgandi.

Shu yilning mayida esa futbolchi chempionatning o‘tgan mavsumi 32-turi doirasida «Sivasspor»ga qarshi o‘yinda hakamga hujum qilgani uchun 16 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi.

Ma'lumot uchun, Arda Turan shu yilning 11 martida Aslixon Do‘g‘anga uylangandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi nikoh marosimida guvoh sifatida ishtirok etishgan. 

Mavzuga oid
Top