16:40 / 17.10.2018
42629

«Kim duch kelsa otishgan». Qrimdagi kollej direktori avtomat bilan qurollangan shaxslar hujumi haqida gapirdi

Qrimda terakt sodir etilgan kollej direktori Olga Grebennikova hodisa tafsilotlari haqida so‘zladi.

Portlash vaqtida Grebennikova kollej binosida bo‘lmagan. 

«Men bu yerga kelishimdan 5 yoki 6 daqiqa oldin portlash sodir bo‘lgan... hammani portlatishgan... oynalar uchib tushgan... xollni portlatishgan... keyin avtomat bilan ikkinchi qavatga ko‘tarilib, yo‘llaridan kim chiqsa otib tashlashgan. Agar men ham vaqtliroq kelganimda, hozir jasadga aylangan bo‘lardim. Bolalar ham halok bo‘lishgan, xodimlar ham», — degan u. Direktorning so‘zlariga ko‘ra texnikumda sodir bo‘lgan voqea — «xuddi Beslandagi kabi haqiqiy teraktdir».

Mahalliy vaqt bilan soat 11:30da kollej hududida portlash sodir bo‘lgan. Avvaliga kollej hududidagi oshxonada gaz balloni portlagani haqida aytilgandi.

Keyinroq Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi kollej hududida noma'lum portlovchi uskuna portlatilgani haqida ma'lum qildi.

Rosgvardiya va Rossiya Tergov qo‘mitasi hodisani terakt deb baholadi.

Hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 50 kishi tan jarohati olgan.

Voqea joyiga Qrim rahbari Sergey Aksenov yo‘l olgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshirig‘i bilan Qrimga Favqulodda vaziyatlar vazirligining Il-76 samolyoti yo‘llangan, prezident zarurat tug‘ilsa, jabrlanuvchilarni mamlakatning yetakchi kasalxonalariga zudlik bilan ko‘chirish haqida ko‘rsatma bergan.

Mavzuga oid
Top