10:28 / 18.10.2018
22840

Elektr energiyasi va gaz uchun ortiqcha to‘langan mablag‘ni qaytarish qoidalari tasdiqlandi

Foto: Depositphotos

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanganlik uchun ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni iste'molchiga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi orqali qaytarish taomili belgilandi. Pullarni qaytarish rejalashtirilganiga nisbatan tezroq amalga oshiriladi, deb yozmoqda Norma.
 
Hujjat loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinganidan keyin  unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Natijada qaytarish taomili ancha qulay bo‘ldi. Iste'molchi ariza bergan paytdan boshlab 6 kun ichida mablag‘larni oladi (11 kun ichida qaytarish rejalashtirilayotgan edi).
 
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni qaytarish uchun arizani “O‘zbekenergo AJ yoki “O‘ztransgaz” AJga loyihada nazarda tutilganidek faqat yozma ravishda emas, balki bu tashkilotlarning rasmiy internet-saytlari orqali elektron shaklda ham berish mumkin.
 
“O‘zbekenergo AJ, “O‘ztransgaz” AJ va Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limlariga ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida dalolatnoma tuzish uchun beriladigan muddat 3 bank kunidan 2 ish kunigacha qisqartirildi.
 
“O‘zbekenergo AJ va “O‘ztransgaz” AJ tomonidan ortiqcha (xato) to‘langan pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risida tushgan dalolatnomalar ro‘yxatining tuzilishi va bu ro‘yxatlarning Jamg‘armaga yuborilish vaqti 5 bank kunidan 1 ish kuniga qisqartirildi.
 
Jamg‘arma tomonidan ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larning “O‘zbekenergo AJ va “O‘ztransgaz” AJning maxsus hisobvaraqlariga qaytarilishi lozim bo‘lgan muddat 3 bank kunidan 2 ish kunigacha qisqartirildi.
 
Qaytarilishi lozim bo‘lgan summani hisob-kitob qilish formulasiga tuzatish kiritildi va u quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi:
 
S (qaytarish) = (S ortiqcha(xato)) – ((S ortiqcha(xato)) x 20/120) x 10/100, bunda:
 
• S (qaytarish) – Jamg‘arma tomonidan qaytarib berish lozim bo‘lgan mablag‘ miqdori;
• S ortiqcha (xato) – iste'molchi tomonidan ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘;
• 20/120 – iste'molchi tomonidan ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘da qo‘shimcha qiymat solig‘i hissasi;
• 10/100 – iste'molchi tomonidan ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘da Jamg‘arma hissasi.
 
Tasdiqlangan hujjatda “O‘zbekenergo AJ yoki “O‘ztransgaz” AJning hududiy bo‘linmalari uning davomida mablag‘larni iste'molchilarga qaytarishlari kerak bo‘lgan muddat belgilangan. U bir ish kuniga teng. Hujjat loyihasida bu muddat reglamentga solinmagan edi.
 
Hujjat 12.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Top