16:55 / 18.10.2018
205768

G‘ofur Rahimov Gulnora Karimova bilan ziddiyat sababi va nega O‘zbekistonni tark etganini aytdi

Foto: AIBA

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov Around The Rings nashriga intervyu berdi.

ATR’ga bergan eksklyuziv intervyusida G‘ofur Rahimov uyushgan jinoyatchilik bilan aloqador ekani haqidagi gap-so‘zlarni rad etgan.

Umuman olganda, Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA)ning xulosalariga qo‘shilmagan. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) esa uning ishtirok etishini istashmayotgani haqida aniq bildirdi.
 
«Kelasi oy AIBA a'zolari qurultoyimizda muhim tanlovni amalga oshirishmoqchi hamda ular asoslangan qarorni qabul qilishlari uchun barcha haqiqatni bilishlari lozim. Haqiqat shundan iboratki, men hech qachon transmilliy jinoiy tashkilotlarda ishtirok etmaganman», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi G‘ofur Rahimovga 2018 yilgi O‘smirlar olimpiya o‘yinlariga tashrif buyurishni taqiqlab qo‘ydi.

«Meni AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha qaror O‘zbekiston sobiq rasmiylarining diktatura rejimi tomonidan bosimi va repressiyalari oqibatida kelib chiqdi. Gulnora Karimova va uning atrofidagilar mening kompaniyalarim ularning loyihalarini moliyalashtirishi haqida so‘rashgan, ammo men rad etganman. Shunda ular menga bosim o‘tkaza boshlashdi, biznesimni yo‘q qilish maqsadida AQSh G‘aznachiligi departamentiga jinoiy guruhlar bilan aloqalar borasida yolg‘on ma'lumot taqdim etishdi. O‘sha vaqtlarda Gulnora Karimova mamlakatda katta ta'sirga ega edi, shuning uchun 2010 yilda oilam bilan vatanimni o‘z xavfsizligim nuqtai nazaridan tark etishga majbur bo‘ldim», - dedi u.

G‘ofur Rahimovning ta'kidlashicha, o‘z nomi AQSh Moliya vazirligi «qora ro‘yxati»dan chiqarib tashlanishiga erishishga harakat qiladi.

«Bu juda murakkab jarayon, ammo mening advokatlarim katta muvaffaqiyatlarga erishdi va «xato» kelgusi uch-olti oy davomida tuzatiladi», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Darvoqe, O‘zbekiston hukumati bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Joriy yilning 18 sentabr kuni respublika bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan imzolangan maktub AIBA ijroiya qo‘mitasi va uning odob-axloq bo‘yicha qo‘mitasiga yuborildi.

«Agar yetakchi olimpiya xalqaro federatsiyalaridan biri bo‘lgan AIBA’ga O‘zbekiston fuqarosi rahbarlik qilsa, bu mamlakatimiz uchun sharaf bo‘ladi. Agar noyabrda boks assotsiatsiyasining kongressida u prezident etib saylansa, unda O‘zbekiston hukumati G‘ofur Rahimovni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, G‘afur Rahimovning o‘tmishdagi jinoiy faoliyatiga oid barcha iddaolar asossiz dalillarga ega va adolatsiz hisoblanadi», - deyiladi O‘zbekiston hukumatining maktubida.

Ayni paytda G‘ofur Rahimov vaziyatni to‘g‘irlash uchun bir qator qadamlar qo‘ydi. U AIBA qarzlarini yo‘qotdi va hakamlik sifatini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. U agar prezident etib saylanadigan bo‘lsa, AIBA’da keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazishni va'da qildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. O‘tgan yilning 20 noyabrida Ching-Kuo Vu tashkilot prezidenti lavozimini tark etdi, bu ijroiya qo‘mitaning 13 nafar a'zosi unga ishonchsizlik bildirganidan so‘ng yuz berdi.
 
1998 yildan buyon Rahimov AIBA ijroiya qo‘mitasining a'zosi sanaladi, 2002 yildan - ushbu tashkilot vitse-prezidenti, 2006 yildan - ijrochi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan. 2001 yildan 2012 yilgacha Rahimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining vitse-prezidenti lavozimini egallagan. 2010 yilda AIBA a'zolarining ovoz berish yo‘li bilan Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti etib saylandi, hozirda Raximov Osiyo boks konfederatsiyasining faxriy prezidenti lavozimida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax gap faqat G‘ofur Rahimovda emasligi haqida bayonot bergandi.

Top