13:45 / 18.10.2018
28134

Kumush qoshiq. Zamonaviy ota-onalar qanday xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda?

Rossiyada yuz yillik tanaffusdan keyin badavlat oila farzandlari ulg‘aydi. Ota-onalar hayratda. Ular farzandlariga berayotgan ulkan imkoniyatlar nafaqat kutilgan natijalar keltirmayapti, balki aks ta'sir ko‘rsatayapti.

Foto: Unsplash

Ota-onalar ularning farzandi bilan kuzatilayotgan vaziyat o‘zgacha deb hisoblashmoqda. Biroq aslida ular yuzma-yuz kelayotgan muammolar yangi emas – G‘arbda bu mavzu yaxshi o‘rganilgan va u haqida ko‘p gapirilgan. Ilmiy adabiyotlardan matbuotga ko‘chgan  – “kumush qoshiq sindromi” atamasi ham bor.

“Kumush qoshiq sindromi”ga ega bolalar passiv, hech nimani istamaydi, ularda moddiy xohishlardan tashqari qat'iy istaklar mavjud emas. Bundan tashqari, bunday bolalar jiddiy maqsadlarni belgilash va ularga erishishga qodir emas. Hayotga umuman moslashmagan, o‘z huzurlari – alkogol, narkotik moddalar, avtomobil poygalari ortidan chopish bilan ovora. Ular “oilaviy ish” bilan qiziqishmaydi, minnatdorlik hissidan begona, sovuq, befarq, asotsial axloq va depressiyaga moyil.

“Tantiq” bolani tarbiyalamaslik uchun uni buzayotgan jihatlarni o‘rganish lozim. Bu oqibatlarga emas, sabablarga ta'sir ko‘rsatish imkonini beradi.

Foto: Unsplash

Biz nimani noto‘g‘ri qilyapmiz?

Hech narsani cheklamayapmiz.

Bolaga so‘ragan narsasining barini darhol berishga tayyormiz. Unga hech nimani rad etmaymiz – u “yo‘q, hozir olib berolmayman, keyingi safar” degan so‘zlarni bilmaydi. Biz nafaqat uning barcha istaklarini qondiramiz, balki ularni aytmasidan oldin muhayyo qilishga harakat qilamiz: bola ertakdagi “ko‘za ichidagi jin” haqida orzu qilishi ham shart emas – u istagini aytib ulgurmasidan bari amalga oshadi.

Natija-chi? Istagan narsasini olishga odatlangan bolalar xafa bo‘lish nima ekanini bilmaydi, kutish va sabr, orzu, maqsadlar belgilash, rejalashtirish, istagan narsasiga erishish uchun harakat qilish, erishganlarni qadrlash kabi hislar unga begona. Oxir-oqibat to‘yish hissi paydo bo‘ladi – bolalar hech narsani istamay qoladi. Zerikish, befarqlik, depressiya ana shundan kelib chiqyapti.

Normadan ortig‘ini yuklayapmiz

Bugun bola ko‘proq mablag‘ kiritish va tezroq natija olish kerak bo‘lgan investitsion loyiha sifatida qabul qilinmoqda. “Investitsiyalar” deyarli yo‘rgakdan boshlanadi: rivojlantirish mashg‘ulotlari, to‘garaklar, sport va ijodiy mashqlar. Undan keyin maktab qo‘shiladi, biroq qo‘shimcha mashg‘ulotlar soni kamaymaydi, aksincha, ko‘payib boradi. Farzandimizni barcha yangi va obro‘li, bolaligimizda orzu qilgan narsalarga o‘rgatgimiz keladi.

Natijada bola qat'iy jadval bo‘yicha yashaydi. Uning har bir daqiqasi hisobli. Uning uchun biz reja tuzamiz. Aks holda, ulgurmaydi. U esa bo‘ysunishga majbur. U tashqi boshqaruvga ko‘nikadi. O‘z-o‘zini shakllantirishga qodir emas. Yetakchilikni esa aytmasa ham bo‘ladi. U doimiy ravishda yordam va ustozga muhtoj. Unda orzulari, ijodkorligini rivojlantirish uchun dastlab vaqt, keyin esa xohish bo‘lmaydi. Doimiy “kerak” va “shart”lar har qanday ijodiy ilhomni so‘ndiradi. O‘smirlik davriga kelib, bola o‘zining “chegarasi”ga yetib keladi. Hech narsa bilan shug‘ullanishni istamaydi va barchasini tashlab, rad etadi.

Foto: Unsplash

“Aybimizni yuvamiz”

Doimiy ravishda bandmiz, farzandlarimizga vaqtimiz yo‘q. Ular bilan vositalar yordamida muloqot qilishga harakat qilamiz: his-tuyg‘ularimiz, e'tiborimiz o‘rniga sovg‘alar beramiz. Mohiyatan olib qaraganda, buyumlar, pul, sayohat, orzularni ro‘yobga chiqarish orqali aybimizni yuvishga harakat qilamiz. Buni qanchalik aniq anglaganimiz sayin yo‘qligimizni moddiy narsalar bilan to‘ldirishga intilamiz. Bola tobora ulg‘aya boradi, u bilan birga badal hajmi ham ortib boradi – o‘yinchoqlardan tortib, qimmatbaho taqinchoqlar, avtomobillargacha.

Bolalar muhabbatning moddiy ko‘rinishi haqiqiy munosabatlar o‘rnini bosishiga ko‘nikadi. Shunga qaramay, hamma narsaga ega bola o‘zini yolg‘iz va tashlab ketilgandek his qiladi. Unga his-tuyg‘ular, ota-onaning hayotidagi ishtiroki, iliqligi yetishmaydi. U his-tuyg‘ularini namoyon etish, sevish va do‘st bo‘lishni bilmaydi – unga buni o‘rgatadiganlar bo‘lmagan. Natijada atrofdagilar, jumladan, ota-onasi bilan munosabatlarda foydani ko‘zlab ish tutish yetakchi omilga aylanadi. Bunday bolalar sovuq, befarq, xudbin bo‘lib ulg‘ayadi.

Uch oltin qoida

Nima qilish kerak? Eng avvalo, qorong‘i xonada chiroqni yoqib, yon-atrofga yaxshilab qarash kerak. Bola bilan nimalar sodir bo‘layotganini tushunish, muammoning ahamiyatini anglash hamda uni yechish usullarini izlash lozim. Har qanday murakkabliklarni yengishda yordam beradigan “tarbiyalashning uch oltin qoidasi” quyidagicha:

Chegara

Bolaga cheklovlar -  “qizil chiziqlar” o‘zini qanday tutishni bilish, uning har bir harakati muayyan oqibatlar keltirishini anglash uchun kerak. Taqiqlarni aniq bildirish, bolani tahqirlamaydigan, uni qarshilik qilishga undamaydigan shaklda tushuntirish kerak. Agar biz kattalar chegaralarni belgilamasak, bolalar ularni ushlab ko‘rishga harakat qilishadi. Bu esa ko‘p hollarda achinarli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Foto: Unsplash

Erkinlik

Bolaga barcha narsalar va odamlar, jumladan, ota-onasidan ham dam olish uchun vaqt berish kerak. Bu vaqtda u o‘zi istagan mashg‘uloti bilan shug‘ullanadi. O‘ynab, zerikib, orzu qilib, tajriba o‘tkazib, u o‘zini izlaydi, qarorlar qabul qilish, vaqti va hayotini boshqarishni o‘rganadi. Unda qiziqishlarni izlab topish, bemalol fikrlash, tajribaga ega bo‘lish, do‘stlar orttirish va dunyoga o‘z ko‘zlari bilan boqish imkoni paydo bo‘ladi.

Iliqlik

Bolani muhabbat bilan qurshab olish kerak va uning evaziga hech narsa talab qilmaslik lozim. Uning uchun ota-onasi uni xarakteri, axloqi, baholari, faxriy yorliqlari, sportda erishgan yutuqlari uchun emas, aynan sizning farzandingiz ekani uchun, qanday bor bo‘lsa, shundayligicha yaxshi ko‘rishingizni bilishi muhim. U bilan yaxshi narsalar sodir bo‘lganida birgalikda quvonishimiz, yomon bo‘lganida birgalikda xafa bo‘lishimiz lozim. U bizning unga qadrdon ekanimiz, doim yonida bo‘lishimizni his qilishi lozim.

Bir qarashda bu qoidalar bir-biriga zid bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘pincha u chegaradan bunisiga “borib-kelamiz”. Ba'zida bolalarga to‘liq erkinlik beramiz, ayrim hollarda ularni to‘rt devor ichiga “qamaymiz”. Yo barcha narsalarni tanqid qilamiz yoki hammasini birvarakayiga maqtaymiz. Biroq bu shartlarning bari faqat yagona birlashmadagina ishlaydi.

Chegara, erkinlik va iliqlik uchligi – bolani zamonaviy oilada tarbiyalashda me'yor hissini yo‘qotmaslikka yordam beradigan universal retsept.

Top