20:30 / 18.10.2018
84958

Paxta-2018. Andijon viloyatida ham bir hokim ishdan ketdi

Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani hokimi Baxtimurod Ismoilovich Karimov lavozimdan bo‘shatilgan. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bermoqda.

Baxtimurod Karimov Oltinko‘l tumanini 2016 yilning 1 dekabridan buyon boshqarib kelayotgandi. 

14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida bo‘lib o‘tgan selektor davomida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun tanqidga uchragan hokimlar qatorida Baxtimurod Karimov ham bo‘lgan. 

Yig‘ilish vaqtida 100dan ortiq mahalliy rahbarlarga (tuman hokimlari, tuman prokurorlari, tuman IIB boshliqlari va tuman DSI boshliqlari) paxta sabab intizomiy choralar qo‘llangani (ularning bir qismi ishdan olingan, bir qismiga hayfsan berilgan yoki ikki oylik maoshidan mahrum etilgan) haqida xabar qilingandi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Oltinko‘l tumani prokurori Davlatjon Iminov ham ishdan olingan.

14 oktabr kungi yig‘ilishda respublika bo‘ylab 10 hokim ishdan bo‘shatilishi ma'lum qilingandi. 

Bundan oldinroq, Farg‘ona viloyatida ikki hokim - Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani hokimlari ishdan ketgani xabar qilindi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida Urganch tumani hokimi paxta terimidagi sustkashlik uchun lavozimini tark etgan.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top