10:19 / 19.10.2018
29390

Guliston tumani hokimi o‘zgardi

Joriy yilning 18 oktabr kuni Xalq deputatlari Guliston tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar bermoqda. 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq Sirdaryo viloyati hokimi qaroriga asosan, Guliston tuman hokimi Abdumavlon Ibodullayev lavozimidan ozod etilib, Shavkat G‘ofurov Guliston tuman hokimi lavozimiga tayinlandi.

Sh.G‘ofurov 1965 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. 2012 yildan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati direktori lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdumavlon Ibodullayev 2017 yil 28 aprel kuni tuman hokimi lavozimini egallagandi.

14 oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimi masalasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda shu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hokimlar, mansabdorlar qattiq tanqid qilingandi.

Selektorda 100dan ortiq rahbar shaxslarga (tuman hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari va DSI boshliqlari) paxta sabab intizomiy choralar qo‘llangani (ularning bir qismi ishdan olingan, bir qismiga hayfsan berilgan yoki ikki oylik maoshidan mahrum etilgani haqida xabar qilingandi.

Shuningdek, bosh vazir selektor vaqtida viloyatlar hokimlariga respublika bo‘ylab 10 hokimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish haqida topshiriq bergan. Shundan so‘ng Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani hokimi ishdan olingan, Urganch tumanida hokim almashgan, Andijon viloyatida esa Oltinko‘l tumani hokimi ishdan ketgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top